AQSh xorijiy yordam dasturlarini kamaytiradi

  • Amerika Ovozi

AQShning rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam ko’rsatib kelayotgan Xalqaro taraqqiyot agentligi 2013-yilda xarajatlari qisqarishini ma’lum qildi. Sabab Qo’shma Shtatlar yuz tutayotgan byudjet kamomadi.

Agentlik rahbari Rajiv Shohning bildirishicha, kelasi yil byudjeti 2012-yilnikiga qaraganda kamroq. Dunyo bo’ylab 165 dasturni yopish yoki qisqartirishga qaror qilingan.

“Peru va Meksikada sog’liqni saqlash dasturlari hamda Kosovo, Serbiya va Ukrainada oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi sohasidagi proyektlarni yo’q qilishga to’g’ri keldi. E’tiborni jiddiy natijaga erishsa bo’ladigan hududlarga qaratmoqdamiz”, - deydi Rajiv Shoh.

Kelajakda AQSh yordami va sarmoyalari ehtiyojga qarab, muayyan sohalarga ajratiladi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Rajiv Shoh

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Rajiv Shoh

Vakillar Palatasida byudjet masalasi muhokama qilinganida Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Ileana Ros-Leytinen yordamga muhtoj bo’lmagan mamlakatlarga madadni to’xtatish kerak, deya ta’kidladi.

“Xorijiy yordam ajratganda mamlakatlarni chertib-chertib tanlash kerak. Botsvana, Chili, Tailand va Janubiy Koreya kabi mamlakatlar AQSh moliyaviy madadi bilan iqtisodini tiklab olgan, so’ngra taraqqiyotini yordamsiz davom ettirgan. Boshqa mamlakatlar ham shunga intilishi kerak”, - deydi Kongress a’zosi.

Davlat Departamenti va Xalqaro taraqqiyot agentligining 2013-yil byudjet loyihasi 51,6 milliard dollarga teng. Bu Obama ma’muriyati so’ragani. Endi qonunchilar uni tasdiqlashi kerak.

Bu mablag’dan qanchasi Markaziy Osiyo, xususan O’zbekistonga ajratilishi hozircha noma’lum.

USAID 1992-yildan buyon O’zbekiston bilan hamkorlik qilib keladi. Iqtisodiy o’sish, demokratik boshqaruv va boshqa sohalarga yordam ajratadi.

Agentlik O’zbekiston Markaziy banki tizimini mustahkamlash va xususiy sektorning rivojlanishi uchun huquqiy asos yaratishga hissa qo’shgan. Mamlakat bo’ylab kredit ittifoqlarining barpo etilishida asosiy rol o’ynagan.

2010-yilda respublikada 91 ta kredit ittifoqi bo’lgan. Ular jami 103 million dollarga ega bo’lib, 125 mingta xususiy firmaga xizmat ko’rsatardi.

USAID O’zbekiston hukumati, parlamenti va fuqaroviy jamiyati bilan turli masalalar, xususan xotin-qizlar va nogiron odamlar huquqlarini himoya qilishda hamkorlik qiladi.

Mintaqada odam savdosiga qarshi kurashga hissa qo’shib keladi. Ona va bola salomatligi dasturlarini amalga oshirish barobarida SPID va sil kasalligiga chalinganlarga bepul davolanish imkonini beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG