Amerika tashqi siyosatda bo'shmi?

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashda Qo'shma Shtatlar xalqaro diplomatiya va havo hujumlarini qo'llab kelmoqda. AQSh boshchiligidagi koalitsiya, deydi rasmiylar, Suriya uzra parvozlarni davom ettiradi.

Suriyada va dunyoning boshqa mojaroli nuqtalarida prezident Barak Obama olib borayotgan siyosat Qo'shma Shtatlarni irodasiz, zaif davlat qilib ko'rsatmoqdami? Bu borada bir-biriga zid fikrlar mavjud.

Respublikachi senator Jon Makkeyn nazarida, Obama ma'muriyati Suriyada ortiqcha ehtiyotkorlik yo'lidan borib, bu qanday oqibatlarga olib kelishini unutib qo'ydi.

"Prezident Vladimir Putinning Suriyadagi harbiy aralashuvi Yaqin Sharqdagi xarob siyosatimiz oqibatidir", - deydi Senatning Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Makkeyn.

Qator tahlilchilar boshqa bir fikrda yakdil - qo'yavering, deydi ular, Rossiya istasa, Suriya mojarosiga tortivalersin. Oq uy so'zlovchisi Josh Ernest:

"AQSh bundan 10 yil ilgari Iroqni harbiy kuch bilan tinchlantira olmagani kabi, Rossiyaning ham Suriyadagi xatti-harakatlari ish bermaydi. 30 yil oldin Afg'oniston urushi nima bilan tugaganini ham unutmaylik".

Mudofaa va xavfsizlik bilan bog'liq masalalarni yoritadigan nashrlar qat'iyatsiz va epsiz qarorlar sabab AQSh tashqi siyosatiga bo'lgan ishonch tushib ketgani haqida yozadi.

Siyosatshunos Maykl Oxanlon bu fikrga qo'shilib deydiki, Amerika yetarlicha chora ko'rmagani bois Suriya va Iroqda turli qurollangan guruhlar qanot yozdi.

Lekin, deydi Oxanlon, Afg'oniston, Ukraina va Janubiy Xitoy dengizi bilan bog'liq masalalarga kelganda, bunday tanqid o'rinsiz.

"Afg'onistonda, masalan, Vashington strategiyani belgilab olgan va o'sha bo'yicha ketayapti. Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga e'tiborni kuchaytirish siyosati ham ish bermoqda. Ukraina mojarosini bartaraf etib bo'lmasdi, chunki bu davlatni NATOga qabul qilishni istaganlar ozchilik", - deydi tahlilchi.

Harbiy sharhlovchi Reva Balla izohicha, Vashingtonning Suriya mojarosiga aralashish niyati boshidan bo'lmagan, chunki jiddiy e'tibor talab qiluvchi boshqa muammolar talay.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG