Yoshlarni fohishalikdan to’g’ri yo’lga boshlayotgan tashkilot

  • Amerika Ovozi

Uyidan qochib ketgan o’smir qizlarning jinoiy to’dalar qo’liga tushib qolib, fohishalikka sotib yuborilgani haqida eshitmagan odam bo’lmasa kerak. AQShning Los-Anjeles shahrida “Tun bolalari” nomli nodavlat tashkiloti mana 35 yildirki shu muammoga qarshi kurashadi, yoshlarni to’g’ri yo’lga qaytishida yordamlashadi.

Ular o’xshash tarixga ega: bolaligi qiyin kechgan, ota yoki onasiz katta bo’lgan. Ayrimlari o’smirligida ichkilikka ruju qo’ygan, yomon to’dalarga qo’shilgan.

16 yoshli Sara fohishalikka bir yil oldin qadam qo’ydi. Onasi narkoman bo’lganligi sababli onalik huquqidan mahrum etilgan. Boshqalarning qo’lida qolgan qiz u yerdan qochib, bir odamning to’riga ilinadi. U Sarani fohishalikka sotib yuboradi.

‘Men unga ishongan edim. Yaxshi odamga o’xshagan edi. Ish yo’q, lekin pul topishimiz kerak, yashashga joy ham yo’q, degandi. Bir kuni u men o’g’irlik qilaman, sen esa chiroylisan, dedi. Shunday deganida men nimaga ishora qilayotganini darhol tushundim,” - hikoya qiladi Sara.

Birinchi mijozidan keyin Sara bir do’konga kirib, yordam so’raydi. Yetib kelgan politsiya qizni “Tun bolalari” tashkiloti markaziga olib boradi.

Bu yerda qizlar va hatto o’g’il bolalarga ruhiy yordam ko’rsatiladi. Ular tahsil olishi ham mumkin. Ayrim o’smirlar markazda yashaydi. Tashkilotga asos solgan Luis Li ishni 35 yil oldin boshlagan. Undan beri vaziyat o’zgardi, deydi.

“Bugun fohishalarni ilgarigidek ko’chalarda ko’rmaysiz. Chunki ko’chada zo’ravonlik ko’p, qurol ko’p. Hozirda hammasi internet orqali reklama qilinadi,” - deydi Li.

Fohishalarni boshqaradigan o’rtakashlar mijozlarni internet orqali topadi. AQShda shunday reklamasi bilan tanilgan vebsayt ham bor – backpage.com. Ammo bu vebsayt nodavlat tashkilot bilan hamkorlikni yo’lga qo’ydi. Maqsad - voyaga yetmagan qizlarni fohishalikdan asrash.

Vebsayt advokati Elizabet Makdugall bu faqat “kattalar uchun reklama” deydi.

“Internet global narsa, u yerdagi reklama yoki xizmatlarni yo’q qilib bo’lmaydi. Bir joyda taqiqlasangiz, boshqa joyga o’tadi. Lekin bu holda bolalarni qutqarish va jinoyatchilarni jazolash imkoni bor beriladi”.

Makdugall deydiki, vebsayt xodimlari bolalarni ta’qib qiluvchi reklamani blok qiladi va bu haqidagi ma’lumotni politsiyaga uzatadi.

Politsiya bunday o’smirlarni o’tmishda jinoyatchi deb hisoblagan, endi esa yondashuv boshqacha, deydi Los-Anjeles politsiyasidan tergovchi Andre Douson.

“Bu qizlar aslida fohisha emas, jabrlanuvchi. Ularni qutqarganimizdan keyin yordam berishga harakat qilamiz. Ular uchun maxsus treninglar tashkil etganmiz, butun shtatda va hatto mamlakatning boshqa qismlarida”.

Sara maktabni tugatib kollejga kirmoqchi, markazda hayoti yaxshi.

“Ular menga kiyim berib, qornimni to’yg’azadi. Yashash uchun joyim bor endi. O’zimga ishonch ham oshmoqda”.

Sara san’at sohasiga qiziqadi. Markazdan yordam olib, o’qib, ishli bo’lib, baxtli hayot kechirayotgan minglab insonlar qatoridan joy olish niyatida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG