Bezorilikdan hunar va axloq tomon... Hayotini qayta boshlayotgan yoshlar

  • Amerika Ovozi

Mushtlashgan, o’g’rilik qilib narkotiklar iste’mol qilgan o’smirlar maktabdan haydalib, hatto qamalishi mumkin. Ularga xatosini tushunib, hayotini o’zgartirishda yordam beradigan dastur mana bir yildan beri Vashingtonda faoliyat yurityapti.

“Fresh Start”, ya’ni “Yangidan boshla” nomli bu tashabbus qonunni buzgan yoshlarni suyab yuboradi. Bu guruhdagi har bir yigit hayotda ko’p adashgan.

“Urushish va mushtlashishlar ham bo’lgan, shu sababli meni hisbga olishgan”.

Yoshi 17 da bo’lgani uchun Terrens Sinkler qamoq jazosiga hukm etilmadi, “Fresh Start” dasturiga yuborildi. Endi u o’rta maktabni tugatgani haqidagi guvohnomani olish uchun o’qishi, ayni vaqtda kasb egallashi kerak.

“Harakatimni qilishim kerak,” - deydi yigit.

Duradgor-muallim Kennet Talli deydiki, avvaliga dasturda qatnashish yoqmasligi mumkin:

“Ba’zilar qarshilik ko’rsatadi… Lekin boshlab olgandan keyin turli narsalar yasay boshlaydi. O’shanda haqiqiy qiziqish uyg’onadi.

Yog’och yoki temir bilan ishlash barobarida ular boshqa masalada ham pishadi.

“Masalan, sabr-toqat. Ustoz ko’rsatmalarini bajarishni ham o’rganadi, bir narsa yasashdan oldin reja tuzib olishni. Tugatganida shukur qilishga odatlanadi, xursand bo’ladi,” - deydi Talli.

“Fresh Start” dasturi direktori Toni Lemons eng muhimi – yigitlarda qiziqish uyg’ota bilish, deydi.

Ular uchun rezyume yozish, ish qidirish va ishga kirish bo’yicha ham darslar uyushtiriladi.

“Eng asosiy narsalarni o’rganadi: ishga kirish uchun suhbat, savollarga qanday javob berish, yurish- tutish, ish beruvchiga o’z ilimi va qobiliyatlarini qanday namoyish qilish,” - tushuntiradi Lemons.

Hayotda lozim boshqa ko’nikmalar…

“Iqtisod qilish, xarjga berilmaslik, daromad qilishni o’rganadi,” - qo'shimcha qiladi u.

11 oylik dastur yakunida “Fresh Start” tahskiloti Teyron Jerald kabi bitiruvchilariga ish topishda yordam beradi.

“U juda mehnatsevar, ko’p ter to’kadi. Hozir kotib bo’lib ishlayapti,” - deydi Lemons.

Teyronning o'zi ham suhbatga qo'shiladi: “Men muhandis bo’lishni orzu qilaman. Bu dasturda ishlaydiganlar menga hurmat bilan qaradi. Ish topishda yordamlashdi”.

Dastur muvaffaqiyati kaliti – hayotda adashgan yoshlar nimaga muhtojligini tushunishda, deydi suhbatdosh:

“Yigitlarga birinchi navbatda ta’lim kerak. Ikkinchidan, ularga o’rnak bo’la oladigan erkak kishi kerak, o’zidan kattaroq yoki tengdoshi bo’lsa ham bo’ladi. Ularni doim band qilish lozim. Bekorchi bo’lsang egri ishga qo’l urish oson,” - deydi Teyron.

Bu yigitlarda o’ziga ishonch hosil qilish, boshqalarga namuna bo’lishni o’rgatamiz, deydi Toni Lemons:

“Jamiyatning teng a’zosi bo’lishda yordamlashamiz”.

Shuning uchun turli xildagi darslar tashkil etiladi. Masalan, hozir “Fresh Start” dasturi qatnashchilari yosh bolalarga baliq tutishni o’rgatyapti.

Bundan maqsad – yigitlarga bir adashgan odamning hayoti izga tushishi mumkinligini namoyish qilish, mehnatning tagi rohatligini tushunishda yordamlashish.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG