Saylovoldi kampaniyasi amerikaliklar fikrini aks ettiradi

  • Amerika Ovozi

AQShda prezident saylovlari yaqinlashar ekan, aholining hukumat haqidagi fikri ham oydinlashmoqda.

Nufuzli “Gallup” tadqiqot markazi rahbari Frenk Nyuport “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki, Kongress va hukumat faoliyatidan norozi amerikaliklar har doimgidan ham ko’p. Prezidentlikka nomzodlar - respublikachi Donald Tramp va demokrat Berni Sanders bundan foydalanmoqda.

Sanders moliya bozori, badavlat odamlar, xususiy sektor AQSh qonunchilariga katta ta’sir o’tkazishini ta’kidlab keladi. U hamma uchun birdek tibbiy sug’urta va bepul oliy ta’lim va’da qilyapti.

Tramp esa AQShning xalqaro savdo shartnomalarini nishonga olib, saylansa, mamlakatda ish joylari yaratishga va bitimlarni qayta ko’rib chiqishga so'z bermoqda.

Kongress, bu arboblar nazarida, aholi hayotini yaxshilash borasida hech nima qilmay keladi.

“Bu nomzodlar hukumatga qarshi chiqmoqda. Berni Sanders uchun bu - inqilob. Shiori ham shu. Tramp bu so’zni ishlatmasa-da, hukumat faoliyati tubdan o’zgarishi kerak, deydi. Ularning Hillari Klintondan farqi ham shunda”, - deydi Nyuport.

Davlat ishida ko’p yillik tajribaga ega Klinton keskin o’zgarishlar taklif qilmayapti. Uning uchun hukumat – amerikaliklar hayotini yaxshilash vositasi, deydi Nyuport.

“Gallup” - AQShda omma fikrini o'rganadigan nufuzli tashkilot. Rahbarlar reytingini ham shu organ aniqlaydi. Masalan, hozirda Prezident Barak Obamaning ishi, so’rov natijalariga ko'ra, 51 foiziga ma’qul.

Umumiy vaziyatni olsak, saylovchilar orasida Demokratik partiyaga ijobiy qaraydiganlar ko’proq va tarixan doim shunday bo’lgan. Ammo saylov paytida, odatda, agar demokrat prezident ikki muddat xizmat qilgan bo’lsa, respublikachi nomzod g’olib chiqadi.

Nyuportning aytishicha, noyabr saylovlarida demokratlar g’alaba qozonishi uchun ular qora tanli, ispanzabon va yosh saylovchilarni o’z tarafiga og’dirishi kerak, zotan partiya platformasi ham aynan shu tabaqalarga ma’qul. Aks holda Respublikachilar partiyasi tarafdorlari - oq tanli keksa saylovchilar saylov uchastkalariga borib,o'z nomzodi g’alabasini kafolatlab beradi, deydi Nyuport.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG