Qo’shma Shtatlarda kelasi besh yilda mudofaa xarajatlari qisqaradi

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlarda kelasi besh yilda mudofaa xarajatlari qisqaradi

Qo’shma Shtatlarda kelasi besh yilda mudofaa xarajatlari qisqaradi

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts harbiy xarajatni 78 milliard dollarga kamaytirishni ko'zlamoqda. Bu, asosan, keraksiz, eskirgan dasturlarni tugatish hisobiga amalga oshiriladi.

Uning aytishicha, tejalgan pul hisobiga uzoq masofaga uchadigan, murakkab o’ljalarni nishonga oladigan qurollar yaratish, yuqori texnologiya, kemalar va qiruvchi samolyotlar xarid qilish mumkin bo’ladi.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi byudjetdan eng ko'p pul yeydigan idoradir. Iqtisodiy tanglik sharoitida Kongress ortiqcha xarajatni yig'ishtirib qo'yishga, keraksizidan qutulishga o'tgan.

Ishga qonunchilar aralashmasidan oldin Mudofaa vaziri Robert Geyts Pentagonni tozalab, bu yilgi harbiy byudjetni taxt qilib qo'ydi.

Vazirning rejasiga ko'ra, yaqin besh yilda Pentagon byudjeti 78 milliard dollarga qisqaradi. Qurolli kuchlar safi ham siyraklashadi. Shartnoma asosida ishlayotgan xodimlar soni kamayadi.

Bundan tashqari, 2014 yilga borib Afg’onistonda harbiy missiya tugab, minglab askarlar uyga qaytadi. Buning natijasida vazirlik 6 milliard dollar tejaydi.

Mudofaa vazirligi byudjeti hozir 530 milliard dollar atrofida.

“Amerika qurolli kuchlari hamon qudratli va har qanday g’animni yanchishga qodir”,- deydi vazir Geyts.

“Eron va Shimoliy Koreya – katta muammo bo’lib qolmoqda. Xitoy va Rossiya harbiy salohiyatini oshirmoqda. AQSh mudofaasi doimo yangilanib, takomillashib borishi kerak”, - deydi u.

AQSh mudofaa uchun ko’proq mablag’ajratishi kerak, aks holda yaqin besh yilda armiyada askarlar soni 27 mingga kamayishi mumkin, deydi Geyts.

Shunga qaramay, Qo’shma Shtatlar qurolli kuchlari dunyoda eng yiriklaridan bo’lib qoladi. 1,4 million askar xizmatda. Milliy gvardiya va zaxirada yana bir million zobit bor.

Robert Geytsning takliflari, albatta, Kongress tasdig’idan o’tishi kerak. Kelasi yil Pentagon xarajatlari 554 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Iroq va Afg’onistondagi urushga ajratilayotgan mablag’ bunga kirmaydi.

Vazir Geyts soliq to'lovchilar pulini, har bir dollarni o'ylab sarflayapmiz, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG