Bugun ko’pchilik amerikaliklar gomoseksualizmni tan oladi

  • Amerika Ovozi

Gomoseksual hayotga dunyo bo’ylab qarshilik hamon kuchli, lekin o’tgan yillar ichida G’arbda bu insonlar huquqlarini kengaytiruvchi, ularning manfaatlarini tan oluvchi ko’plab qonunlar qabul qilindi.


AQShda, masalan, bu jarayon shtatma-shtat amalga oshmoqda, ya’ni masalani har bir shtat aholisining o’zi hal etmoqda, referendum orqali. Prezident Barak Obama fikricha bir jinsga mansub odamlar oila qura olishi kerak. Bugun ko’plab amerikalik u bilan hamfikr.

Kris va Shon Rayli Merilend shtatida 2012-yilda bir jinsga mansub odamlarga turmush qurish ruxsat etilganidan keyin nikohdan o’tgan.

Krisning onasi Beverli Rokford og’li va kuyovini quvvatlaydi.

Ammo boshida bunday emas edi. Taqvodor muhitda katta bo’lgan Beverli gomoseksual hayot gunoh deb hisoblar edi.

“Hatto gomoseksual degan so’zni ham aytish mumkin emasdi. Bu eng katta gunoh edi”.

Ona o’g’li yaxshi bir qizga uylanishini orzu qilardi.

Ammo Kris 18 yoshga kirganida onasiga erkaklarni yoqtirishini aytdi. Oilada urush-janjal boshlangan.

“O’shanda men butun vujudim bilan Kris buni tashlashi mumkin deb o’ylaganman. Gomoseksual bo’lishni tanlayapsan deb urushganman. O’zgarmasang, do’zahga tushasan, deganman,” - hikoya qiladi ona.

O'g'il unga jo'r bo'ladi: “Ikkovimiz oramizdagi jiddiy urush edi u”.

Kris onasi mehrini yo’qotishi mumkinligini bilsa-da, chekinmadi.

“Injilda nima deyilishini yaxshi bilaman. Dinning bu masalaga munosabatidan xabardorman. Ammo men gomoseksual ekanimni va buni o’zgartira olmasligimni, shunday tug’ilganimni ham yaxshi tushunaman. Bu tanlov emas,” - deydi u.

Vaqt o’tgach Beverli Rokford cherkovda o’rganganlari barobarida gomoseksual o’g’li va kuyovi borligini tan oldi.

“Ularning baxtli bo’lishini istayman. Ularni ham Xudo yaratgan. Meni ham Xudo yaratgan. Gomoseksuallarni razil inson desak, qanday qilib ularga yordam bera olamiz?”

Beverliga o’xshab gomoseksuallarga munosabatini yaxshi tarafga o’zgartirayotgan odamlar Amerikada juda ko’p. So’nggi so’rovlarga ko’ra, jamiyatning 59 foizi, deydi tadqiqotchi Kim Parker.

“Men 20 yildan buyon so’rovlar o’tkazaman. Turli masalalar orasida aynan gomoseksuallar haqidagi fikrlar bu davr ichida eng keskin o’zgardi,” - deydi olim.

Gomoseksual odamlar o’zlari haqida ochiqchasiga gapirishni ma’qul ko’rmoqda. Bu esa ularning yaqinlari, do’stlari va tanishlari fikrining o’zgarishiga olib keldi.

“Bir jinsga mansub odamlarning nikoh qurishiga avval qarshi bo’lgan, keyinchalik fikrini o’zgartirgan odamlardan bunga nima sabab bo’ldi deb so’raganimizda, ular “mening gomoseksual tanishim bor, yaxshi inson, uning baxtli bo’lishiga tilakdoshman”, deb javob bergan,” - deydi Parker.

Har yili yuzlab fuqaro AQSh Kapitoliysiga kelib, Injil o’qiydi. Diniy yetakchilarning aksariyati gomoseksualizmga qarshi, ammo ular ham omma fikri o’zgarib borayotganini e’tirof etadi.

Ruhoniy Maykl Xoll:

“Ular bu kurashda yutib chiqqan bo’lishi mumkin. Hozircha. Ammo biz o’z fikrimizni o’zgartirmoqchi emasmiz. Biz hurmat bilan ular fikriga qo’shilmaymiz”.

Ayni jinsga mansub odamlarga 17 shtatda turmush qurish ruxsat etilgan.

Merilend shtatida qonunchi Richard Madaleno munosabatning o’zgarishiga shaxsiy kechinmalar sabab bo’lmoqda, deydi.

“Men otaman. Bolam gomoseksual bo’lsa, unga yomon munosabatda bo’lishlarini istamayman. Hech kim buni xohlamaydi, to’g’rimi?”

Beverli Rokford gomoseksualizmni tan olganidan beri o’g’liga mehri yanada oshdi.

“Ona – o’g’il munosabatlarimizga gap yo’q. Zo’r,” - deydi u.

Kuyovi bilan ham: “U doim bizni qo’llab-quvvatlaydi. Buni so’z bilan aytib berish qiyin,” - deydi Shon Rayli.

Beverli o’g’lining o’smirlik yillarida qiynalgani, hozirda esa gomoseksuallar huquqlari uchun kurashayotgani haqida faxrlanib gapiradi.

“Jasorat ko’rsatdi, o’ziga ishondi. U bilan faxrlanaman,” - deydi ona.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG