Obama, Romni: AQSh global yetakchilikni boy bermaydi

  • Amerika Ovozi

Kim g’olib chiqishidan qat’iy nazar diplomatiyada olamshumul yangiliklar bo’lishi mumkin. Tashqi siyosat bu yilgi saylov kampaniyasida eng muhim masala bo’lmasa-da, keng muhokamada bo’ldi.


Prezidentlik uchun kurashgan har ikki arbob fikricha Amerika global maydonda yetakchi bo’lib qolishi kerak.

“AQSh dunyodagi eng qudratli davlat. Biz jahonda o’ziga xos o’ringa ega kuchmiz. Qudratimizni oshirishda davom etishimiz lozim”,- deydi Obama.

“Dunyo bo’ylab turli mojarolarga guvohmiz. Ular barham topishi uchun harakat qilishimiz kerak. Buni uddalash uchun esa biz avvalo o’zimizni har tomonlama ta’minlay olishimiz, kuchayishimiz lozim”, - deydi Romni.

Respublikachilar hamisha harbiy qudratga ko’proq e’tibor qaratadi, deydi tahlilchi Daniel Server. Mitt Romni ham saylov kampaniyasida shu haqda gapirdi.

“Romni harbiy salohiyatni oshirish, mudofaa xarajatlarini kamaytirmaslik xususida ko’p to’xtaldi. Obama esa buning aksi. U mudofaa sohasini isloh qilish kerak dedi. U Amerika qudratini boshqa jihatlarda ko’radi”,- deydi Server.

Qizig’i, Obama va Romni ko’plab masalalarda, jumladan Afg’onistondagi urushni qanday tugatish to’g’risida o’xshash pozitsiyalarga ega ekani ayon bo’ldi. Qo’shinlar 2014-yilda chiqadi.

Eron atom quroliga ega bo’lmasligi uchun qanday choralar ko’rish borasida ham tomonlar fikri mushtarak. Ular nazarida sanksiyalar ish bermoqda.

Eron Isroilga hujum qilsa, AQSh qarab turmaydi, deydi ular.

Lekin Romni Obamaning Isroilga nisbatan siyosatini qoraladi. Yahudiy davlatini ko’proq quvvatlash kerak, deydi u.

“Janob prezident, siz Misr, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Iroqqa bordingiz, ammo Isroilni chetlab o’tdingiz. Axir Isroil bizning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchimiz”,- deydi Romni.

Obama fikricha esa safar musulmon dunyosi bilan aloqalarni yaxshilashni ko’zlagan edi va bunga erishildi.

Romni va Obama qanchalik olishmasin, global mavzularda hamfikr, deydi Server.

“Ularning asosiy farqi Suriyada isyonchilarni qanchalik quvvatlash masalasida sezildi”.

Suriyada hukumat va muxolif kuchlar 2011-yilning mart oyidan beri olishib kelmoqda. Amerika muxolifat tomonda va ularga yordam bermoqda. Romni ularga ko’proq qurol-aslaha uzatish kerak deydi.

“Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan guruhlarga yetarlicha qurol berish kerak, toki ular prezidentni ag’dara olsin. Lekin biz o’z qo’shinlarimizni yubormasligimiz lozim”,- deydi Romni.

Prezident Obama “ehtiyotkorlik bilan ish ko’ramiz” deydi.

“Suriyadagi qaltis vaziyatga o’ylab bosh qo’shish kerak. Biz muxolifat tomondamiz va yordam berayapmiz. Lekin biz kimni qurollantirayotganimizni bilishimiz kerak, toki bu guruhlar keyin biz va ittifoqchilarimizga qarshi urushmasin”.

Prezident Obama 2009-yilda Tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Global vazifalarni biladi, deydi ekspert Robert Gattman.

“Obama global prezident bo’lishni xohlagan. Yaqin Sharqmi yoki Xitoy, u hamma bilan aloqalarni yaxshilash, kelishish tarafdori”,- deydi tahlilchi.

Xitoyga kelganda, Mitt Romni hiylakor, ayyor tuzumni ko’radi. Moliyaviy jazoga loyiq “valyuta manipulyatori” deya ta’riflaydi u.

Romni ilg’or tadbirkor sifatida kapitalizmni kuchaytirish, xususiy sektorga imtiyozlar berish tarafdori.

“Romni Amerika bizneslari eng kuchli va yirigi bo’lsin deydi. Savdo va iqtisodiy sheriklikka urg’u berish kerak deb keladi”,- deydi Gattman.

XXI-asrning birinchi 10 yilligi Amerika uchun qiyin bir davr bo’ldi. Kelasi 10 yillikka ulkan umidlar bog’langan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG