Terrorizmga qarshi global kurash va terror homiylari

  • Amerika Ovozi

2012-yilda Eron terrorizm uchun katta mablag’ ajratgan. Ikki yildan beri urushdan boshi chiqmayotgan Suriyada hukumatni qo’llab-quvvatlayotgan ham islomiy respublika, deyiladi AQSh Davlat departamenti hisobotida.

Hisobotda bayon qilinishicha, Eron hamda Livanda asoslangan Hizbulloh guruhi o’tgan yili terrorchilik amaliyotini keskin oshirgan. Suriya rahbari Bashar al-Assadga xalq isyonini bostirishga keng ko’lamli madad bergan.

Davlat departamenti so’zlovchisi Jennifer Psakining aytishicha, Suriya urushida ajnabiy jangchilar qatnashayotgani, ayniqsa, xavotir uyg’otadi.

“Turli mintaqalardan jangarilar Suriyaga otlanayotgani, mojaro qo’shni yurtlarga ham tarqalayotgani tashvishlanarli hol. Bu haqda ko’p gapirganmiz. Suriya urushi butun Yaqin Sharq bo’ylab vaziyatni izdan chiqarishi mumkin”, - deydi u.

Hisobotga ko’ra, o’tgan yili al-Qoidaning Pokistondagi rahbariyati va Yamandagi qanoti zaiflashgan. Ammo natijada mayda jangari guruhlar endi mustaqil harakat qilayapti.

Prezident Barak Obama yaqinda aksil-terror strategiyasini tushuntirib, shularni tilga olgan edi.

“Bing’ozidagi konsullik yoki Jazoirdagi neft inshootida bo’lgani kabi, mahalliy jangari guruhlar tomonidan uyushtirilgan hujumlar ko’payishi ehtimoli bor. Ular G’arb diplomatlari va kompaniyalarini nishonga oladi, odamlarni garovga olish va boshqa jinoyatlar orqali o’z faoliyatini moliyalaydi”, - deydi Obama.

Davlat departamentiga ko’ra, 2012-yilda dunyoning 85 davlatida terror xurujlari sodir etildi. Aksariyati Afg’oniston, Pokiston va Iroqda.

Yaqin Sharqdagi jarayonlarni yaqindan kuzatuvchi Metyu Dass Iroqda zo’ravonlik avj olganini Suriya bilan bog’liq, deb hisoblaydi.

“Jangarilar bir davlatdan ikkinchisiga o’tib yurgani, kontrabanda yo’llari qayta ochilib, Suriyadan Iroqqa mahsulot tashilgani avval ham kuzatilgan. Hozir shuning teskarisini ko’ryapmiz. Umuman olganda, urush boshlanib katta-katta hududlar ustidan nazorat boy berilganida bunday vaziyatlar albatta bo’ladi”.

Metyu Dass fikricha, Iroqdagi bugungi to’polonlar haliyam davom etayotgan siyosiy kelishmovchiliklar mahsulidir. Barcha guruhlarga, kerak bo’lsa qurol ko’targan fuqarolarga quloq tutsangiz, terrorizmni kamaytirgan bo’lasiz, deydi u.

Davlat departmenti hisobotida qayd etilishicha, terrorizmga qarshi kurash samara berishi uchun avvalo terrorizmga yetaklovchi mafkurani yengish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG