Breaking News

Xitoy va Yaponiya AQShdagi siyosiy kelishmovchiliklardan norozi


港人英领馆外示威占领促英国履行责任(美国之音海彦拍摄)
港人英领馆外示威占领促英国履行责任(美国之音海彦拍摄)
Osiyoning iqtisodiy jihatdan eng yirik ikki davlati – Yaponiya va Xitoy Vashingtonda hukumatning yopilgani va Kongress murosaga erisha olmayotganidan jiddiy xavotirda. AQSh iqtisodi defolt yoqasida ekan, global tizim buning oqibatlaridan aziyat chekishi shubhasiz.

Xitoy va Yaponiya AQShdagi vaziyatdan norozi - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:03 0:00
Yuklab oling

Xitoy va Yaponiya AQSh hukumatidan norozi. Bu ikki davlatning Amerikadagi sarmoyalari tahdid ostida.

AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko’ra, Yaponiyaga 1,135 trillion dollarga teng AQSh davlat obligatsiyalari tegishli. Xitoyga esa 1,277 trillion dollardan ko’proq.
Yaponiya Moliya vaziri Taro Aso Vashingtondagi siyosiy arboblarni muammoni 17-oktabrgacha hal etishga undadi.

Xitoy moliva vaziri muovini Ju Guangyao esa AQSh o’tmishdan saboq olishi kerak, deydi. 2011-yilda shunga o’xshash vaziyat vujudga kelganida “Standard and Poor’s” kredit agentligi AQSh reytingini bir pog’onaga pasaytirgan edi. O’shanda jahon bozori ostin-ustun bo’lib ketgan.

“Xitoyning moliyaviy vaziyatga oid xavotirlari AQShga yaxshi ma’lum. Bilamizki, prezident Barak Obama moliya vaziri va boshqa rasmiylar bilan birgalikda vaziyatning naqadar jiddiyligini yaxshi tushunadi va defoltning oldini olish uchun barcha choralarni ko’rmoqda. Ammo vaqt kam qolyapti”,- deydi Ju.

Pekindan akademik Son Xon deydiki, gap faqat AQSh obligatsiyalarining narxi haqida ketmayapti.

“Agar masala hal etilmasa, bu AQSh davlat obligatsiyalari bozoridagi barqarorlik uchun jiddiy zarba bo’ladi. Bu bozor esa AQSh dollarining xalqaro mavqei va qiymati bilan bevosita bog’liq. Bu holda nafaqat Xitoy, balki butun jahon iqtisodi katta zarar ko’radi, chunki AQSh dollari – global valyuta”.

Xitoy va Yaponiya iqtisodi eksportga tayanadi. AQSh dollari qiymatining pasayishi ularning raqobatbardoshligini kamaytiradi. Vaholanki aynan mana shu raqobatbardoshlik Yaponiya iqtisodining so’nggi oylarda katta sur’atlar bilan o’sishiga sabab bo’ldi.

Xitoyda iqtisodiy o’sish sur’ati pasayar ekan, u ham barqarorlikka muhtoj. Mamlakatning yangi rahbari Si Zinpin kelasi oy Kommunistik partiya yig’inida iqtisodiy islohotlarning yangi dasturini e’lon qilmoqchi. Mamlakat eksportga tobelikni kamaytirishga harakat qilmoqda.

Gonkongdagi “HSBC” bankidan yetakchi mutaxassis Frederik Nyuman deydiki, Xitoy AQShda yana bir iqtisodiy krizis yuz beradi degan xavotirda.

“Buning oqibatida Xitoy jiddiy zarar ko’radi, chunki mamlakatning AQShga eksporti sekinlashadi. AQShdagi defoltning Xitoyga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun Pekin iqtisodga o’z sarmoyalarini kiritishga majbur bo’ladi. Rahbarlar esa qo’shimcha mablag’ ajratishni istamaydi”.

Lekin AQSh iqtisodi defoltga uchrasa, eng katta zararni Xitoy emas, balki Amerikaning o’zi ko’radi, deydi mutaxassis.

“AQSh qarzi haqida gapiradigan bo’lsak, obligatsiyalarning katta qismi AQSh pensiya jamg’armalari, sug’urta kompaniyalari, bank va boshqalar qo’lida. Demak, defolt oqibatida nafaqat xorijliklar, balki amerikaliklarning o’zi aziyat chekadi,” – deydi Nyuman.

Vashingtonda esa respublikachi va demokratlar olishishda davom etmoqda. Hozircha murosadan darak yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG