Amerikada 17 yildan beri bunaqasi bo'lmagan

  • Amerika Ovozi

Kapitoliy, Kongress joylashgan bino

Kapitoliy, Kongress joylashgan bino

Amerikada 17 yildan beri bunaqasi bo'lmagan: federal hukumatning katta qismi yopiq. So'nggi bor demokrat Bill Klinton prezidentligi davrida shu holga tushgan va oxir-oqibat partiyalar murosaga erishgan.

Kongressning har ikkala palatasi ham yangi moliyaviy yil uchun zarur bo'lgan qonunni tasdiqlay olmadi. Moliyaviy yil esa 1-oktabrdan boshlanadi. Shunday ekan, mablag'siz qolgan hukumat ishni to'xtatishga majbur.

Bir milionga yaqin xizmatchi majburiy, bepul ta'tilda. Eng zarur deb hisoblangan soha va idoralarda cheklangan ko'lamda ish davom etmoqda. Lekin bu mehnatkashlarning oyligi qachon to'lanadi, bu ham byudjet qabul qilinishi yoki qilinmasligiga bog'liq.

Qonun Kongressdan o'tmaganining asosiy sababi - respublikachilar demokrat prezident uch yarim yil oldin imzo chekib, bugundan amalga kirgan islohot dasturining bekor qilinishini talab qilmoqda.

Sog'liqni saqlash tizimini o'zgartiruvchi va har bir shaxsdan tibbiy sug'urta talab qiluvchhi dastur, deydi konservatorlar, na xalq ranvaqi va na iqtisodiy taraqqiyot uchun xizmat qiladi.

Demokratlar esa buning aksini aytib, qonunning biror bandi ham bekor qilinmaydi deb turib olgan.

Respublikachilar yo u, yo bu deb o'z pozitsiyasida qat'iy.

Demokratlar hukmron Senat o'z loyihasini tasdiqlagan. Vakillar Palatasi esa bu borada o'z nusxasiga ega. Xullas, tomonlar murosadan yiroq.

Prezident Obama Oq uydan turib xalqqa murojaat qilar ekan, aybni respublikachilarga qo'ydi va ularni keskinlikda qoraladi.

"Amerikaning 15 foizi tibbiy sug'urtasiz ahvolda edi, ya'ni sog'liqni saqlash xizmatlaridan foydalana olmas edi. Bizning islohot dasturimiz fuqaro hayotini yaxshilash uchun xizmat qiladi. Ikkinchidan, davlatga zarur mablag'ni vaqtida ajratish Kongressning asosiy vazifasi. Buni uddalay olmagan organ ishonchli organ emas",- dedi Obama.

Amerika bo'ylab, omma har ikkala partiyadan birdek norozi. Siyosiy nayranglarga berilib, xalq dardini ro'kach qilib, aslida uning manfaatlarini tahdid ostiga qo'yayotgan tizimga la'natlar bo'lsin, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan amerikaliklar.

Kongress oldida namoyishchilar to'planib, siyosatchilarni vijdonsiz, irodasiz va mas'uliyatsiz, deya tanqid qilmoqda.

Ekspertlar tahlilicha, byudjet ikki hafta ichida ma'qullanmasa, iqtisodiyotga kuchli zarba bo'ladi.

AQSh Mudofaa vazirligi va davlat xavfsizligini ta'minlash uchun zarur xarajatlarni qoplash maqsadida prezident maxsus farmon chiqarishi kutilmoqda. U shunday vakolatga ega.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG