Breaking News

Amerikaliklar qariganda qayerda yashaydi?


AQShda ota-ona qariganida aksariyat hollarda o’zi mustaqil yashashni yoki bolalariga yaqinroq joyda, ularga halal bermagan holda, hayot kechirishni ma’qul ko’radi. Amerikaliklar yoshligidan mustaqil hayotga o’rgatiladi. Farzand yuqori sinfni bitirishi bilanoq yo universitetga kiradi yo biror ish topib, alohida yashashni boshlaydi. Lekin ota-ona qarigani sari baribir e’tibor zarur.

Amerikaliklar keksayganda qayerda yashaydi? Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00
Yuklab oling

Virjiniya shtatidagi sokin mahalla. Bir-biridan bir necha metr narida joylashgan ikki uy. Kattasida Sok Peyj oilasi bilan yashaydi. Kichikrog’i Sokning onasi Viola Baesniki.

Baes uyi “MEDCottage” firmasi tomonidan qurilgan. Keksa ayolning tibbiy va boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun maxsus qulayliklar yaratilgan.

“Onam uchun bu uy ayni muddao”, -deydi Peyj. - Onam qariyalar uyida yashashni istamadi. Yo’q deb turib oldi. Mening uyim esa keksa yoshdagilarga mo’ljallanmagan. Shuning uchun mana shu uyni qurdirdik. Onam uchun maxsus barpo etildi. Qulay, xavfsiz. Onam uchun boshqalarga o’xshab hamshira yollamaganmiz. Biz o’zimiz onamga qaraymiz”.

Uy katta emas – 28 kvadrat metr xolos. Hojatxona, yotoqxonalari alohida. Tibbiy uskuna uchun ham joy bor.

“Qon bosimini o’lchash uchun asbob, pulsni o’lchash uchun ham asbob, hammasi muhayyo. O’lchagandan keyin ma’lumot to’g’ridan-to’g’ri doktorga yuboriladi,” - deydi Peyj.

Xavfsizlik ham puxta ta’minlangan. Polda maxsus chiroqlar. Kechasi turish kerak bo’lsa, keksa ayol hech qiynalmaydi.

“Polga yumshoq gilam solingan. Yiqilib tushsa ham odam mayib bo’lmaydi”.

Hojatxona ham bemalol yurib-turish uchun moslangan.

Peyj o’z uyidan onasini kamera va video monitorlar orqali kuzatib turadi.

Ken Dupin keksalar uchun maxsus kottejlar ishlab chiqadigan N2Care kompaniyasi asoschisi. Oilalar bir-birdan ajralmasin, deydi u:

“Boshqa jamiyatlarda odamlar keksa ota-onasi yaqinida yashash, ularga g’amxo’rlik qilishga harakat qiladi. Afsuski, Amerikada bunday urf yo’q. Men buni o’zgartirmoqchiman. Maqsadim shu”.

Kottejlar Virjiniya shtatida quriladi. So’ngra sotib olgan odamning yerida o’rnatiladi. Ken Dupin singari tadbirkorlar bunday mahsulotga talab katta ekanini tushungani uchun ham shunga qo’l urgan.

“Hayotimni shunga bag’ishladim. Ba’zi odamlar uchun qariyaga qarash muammo, qo’shimcha mas’uliyat. Lekin buning ijobiy taraflari ham ko’p”.

Peyj onasini yaqiniga ko’chirganidan mamnun.

“Biz Puerto Rikodanmiz. Onam bu yerda nevaralarining oldida”.

Viola Bes inglizchada ozgina gapiradi, ammo xursand.

“Shikoyatim yo’q. Juda baxtiyorman”.

Ken Dupin bu yili AQSh va xorijiy mamlakatlardan kottejlar qurib berish uchun 3000 ta buyurtma oldi. Arzon va qulay turar joy hammaga kerak, ayniqsa qariganimizda, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG