Muxolifat: Erdog'an Fathulla Gulen izdoshlarini ta'qib qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya hukumatining bir necha jurnalistni hibsga olishi xalqaro hamjamiyat tanqidiga sabab bo'ldi. Prezident Rajab Toyib Erdog'an AQShda yashovchi diniy ulamo Fathulla Gulenning Turkiyadagi izdoshlarini ta'qib qilishni buyurgan.

Hibsga olinganlar orasida "Zamon" gazetasining muharriri bor. Uning xorijdagi turk da'vatchisi Fathulla Gulenga yaqin ekani bunga sabab sifatida ko'rsatilmoqda.

"Zamon"ga aloqador "Turkish Review" jurnali muxbiri Karim Balchining aytishicha, agar konferensiyada qatnashish uchun AQShga kelmaganida, uni ham qamoqqa olishlari aniq edi.

"Chikagoga kelishim bilan butun dunyodan do'stlarimdan maktublar ola boshladim. Ular hibsga olinuvchilar ro'yxatida mening nomimni ham ko'rishganini aytishdi", - deydi u.

Shu hafta muxolif guruhlar Prezident Rajab Toyib Erdog'anning oilasi va yaqinlariga qarshi boshlangan korrupsiya ishining bir yilligini xotirladi.

Gulen guruhiga yaqin jurnalistlar Erdog'anning islom nomidan olib borayotgan noto'g'ri siyosatini tanqid qilmoqda, deydi Balchi.

"Islom tilidan gapirib turib, aslida o'zingiz buzuq bir odam bo'lsangiz, siz dinimni bulg'ayapsiz. Shunday ekan, to'xta, deyishga, bu din emas, bu islom emas, deb aytishga haqqim bor", - deydi u.

Gulen rahnamoligidagi "Xizmat" harakati diniy jihatdan konservativ guruh sanalib, bir paytlar Erdog'anning yaqin ittifoqchisi bo'lgan. Ammo o'tgan yildan boshlab guruh tarafdorlari prezidentni avtoritar tuzum qurayotganlikda ayblay boshladi.

Erdog'an bu da'volarni inkor etib, tanqidchilarini davlatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda aybladi.

"Turkiyani eski kunlariga qaytarish uchun iflos ishlarga, iflos munosabatlarga aralashayotganlar shuni bilib qo'ysinki, ular hech narsaga erisha olmaydi va tez orada mag'lub bo'ladi", - dedi Erdog'an.

Fathulla Gulen 1999-yildan beri Pensilvaniya shtatida yashaydi. Turkiyadagi so'nggi voqealarga qaramay, u kundalik faoliyatiga jiddiy o'zgarish kiritgani yo'q, deydi Gulenning yaqin safdoshi Alp Aslandogan.

"Sog'lig'i yaxshi emas. Asosan, vaqtini duo va Qur'on o'qish, nashrga tayyorlanayotgan kitoblarini tahrir qilish bilan o'tkazadi. Shu kunlarda u juda ko'p ibodat qilyapti", - deydi u.

"Turkiyaning do'sti va NATO hamkori sifatida biz Turkiya hukumatini demokratik qadriyatlarga qat'iy rioya qilishga chaqiramiz", - deydi AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Jen Psaki.

Psaki jurnalistlarning hibsga olinishidan Vashington tashvishda ekanini ma'lum qildi, ammo Fathulla Gulenga oid berilgan savolga izoh berishni istamadi. Anqara AQShdan Gulenni ekstraditsiya qilishni so'rab keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG