Amerikaliklar: Qurol sotib olayotganlar puxta tekshirilsin

  • Amerika Ovozi

Amerikada qurol xaridorlarini tekshirish majburiy deb belgilanishi mumkin. Kongressda bu borada muhokamalar ketmoqda. Amaldagi qonunlarga ko’ra, federal hukumat lisenziyasiga ega do’konlardan qurol sotib olmoqchi bo’lgan shaxs tekshiriladi. Biroq xususiy do’konlar bundan mustasno. Ulardan ham tekshiruvni talab qilish jinoyatchilikning kamayishiga olib keladimi?


AQShning maktab, kollej va kinoteatrlarida katta shov-shuvga sabab bo’lgan qonli otishmalardan so’ng hozir qonunlar qayta ko’rib chiqilaypti. Oq Uy bu borada o’z takliflari bilan chiqqan.

Tadqiqotlarga ko’ra, Amerikada qurol sotib olayotganlarning 40 foizi hech qanday tekshiruvdan o’tmaydi. Vashingtondagi “Uchinchi yo’l” nomli tahlil markazi rahbari Jim Kesslerning aytishicha, xususiy do’konlarga aslaha sotishga ruxsat berishning oqibati bu.

“Qonun qabul qilinayotganda ko’p narsa e’tiborga olinmagan, bugun uni bemalol aylanib o’tish mumkin. Qonundagi kamchiliklar bartaraf etilsa, jinoyatchilik ko’lamini sezilarli darajada pasaytirish mumkin”, - deydi ekspert.

Garri Vilson qurol nazorati bobida ko’p izlangan, kitoblar yozgan. Qurol sohiblarining ba’zilari tekshiruvga qarshi, deydi u, chunki hukumat bora-bora hammani ro’yxatga ola boshlaydi degan xavotir bor.

“Ko’plarni vahimaga soladigan narsa shu. Mamlakat bo’ylab ro’yxatga olish dasturi boshlansa, kimda qurol borligi hukumatga ma’lum bo’ladi. Ana undan keyin musodara qilish amaliyoti boshlanadi deb qo’rqishadi”, - deya tushuntiradi Vilson.

Olim Jim Kessler nazarida bunday qo’rquv asossiz.

“Hukumat hech kimni ro’yxatdan o’tishga majburlayotgani yo’q. Qurol sotib olmoqchi bo’lgan odam do’konlar orqali tekshiriladi xolos. Ma’lumotlar do’konning o’zida qoladi”, - deydi u.

Garri Vilson boshqa bir muammoga e’tibor qaratadi. Gap shundaki, jinoyatchilar qurolni odatda qarindoshlari yoki do’stlaridan oladi. Aslahani qonuniy ravishda sotib olib, qora bozorda pullaydiganlar ham topiladi. Demak, cheklovlar jinoyatchilik kamayishiga olib keladi, deb hech kim kafolat bera olmaydi.

“Qurol-yarog’ kontrabandasi yirik biznes. Mahsulot qonuniy bozordan noqonuniysiga osonlikcha o’tadi. Bu jarayonni moylab turganlar esa aynan xususiy bizneslar, jumladan qurol ko’rgazmalari”, - deya qo’shadi Jim Kessler.

O’tgan oygi so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning 92 foizi qurol xaridorlarini tekshirish tashabbusini qo’llab-quvvatlaydi. Biroq AQSh Qurol uyushmasi taklifga qarshi.

“Minglab mavjud qonunlar ijrosini ta’minlamay turib, yangilarini qabul qilishdan nima foyda? Bu jinoyatchilikni aslo kamaytirmaydi” - deydi Veyn Lapiyer, uyushma vitse-prezidenti.

Lobbichi guruhlarning qudratiga qaramasdan, so’nggi fojialardan keyin Amerika xalqining qurollarga nisbatan munosabati keskin o’zgargan. 2011-yilgi otishmada boshidan o’q yegan Kongress a’zosi Gabriela Giffords qonunchilarni qurol savdosini qattiq nazorat qilish uchun qo’rqmay ovoz berishga undamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG