Breaking News

Amerikaliklar qurolga o'ch, zarar va foyda haqida bahslar tinmaydi


14-dekabr kuni Konnektikut shtatidagi maktabda 20 yashar amerikalik sinfma-sinf yurib, 26 kishini o'qqa tutgan. O'lganlarning 20 nafari 6-7 yoshli go'daklar, qolganlar muallimalar. Chuqur depressiyasida bo'lgan Adam Lanza onasini ham otgan, maktabdagi hujum ketidan esa o'zini... U ishlatgan uch qurol onasining nomida bo'lgan.

Bundan deyarli ikki yil oldin Arizona shtatining Tuson shahrida Kongress a’zosi saylovchilar bilan uchrashayotgan paytda bir yosh yigit o’t ochib, olti kishini o’ldirgan edi.

Qurolga egalik qilish mana shunday oqibatlarga yetaklashi mumkin deya qator tashkilotlar bu huquqqa qarshi kampaniya boshlagan.

Bu masala Amerikada azaliy tortishuv. Tarafdorlar qurol shaxsiy xavfsizlik va ovchilik uchun zarur desa, qarshi tomon nazarida u jinoyatga yetaklaydi, jamoatchilik hayotiga tahdid.

Arizona shtati qatori Virjiniyada ham fuqaro miltiq yoki to’pponchaga egalik qilish va uni olib yurishga haqli. “Amerika Ovozi” yaqinda merganlik markazida bo’ldi.

Virjiniya shtati shimolidamiz. Poytaxt Vashingtonga juda yaqin.

Otishni o’rganayotgan Valeriya Kusterbek uchun bu sevimli mashg’ulot. O’ziga qurol sotib olish niyatida.

“Yolg’iz yashayman. Xonadoshim bor, lekin deyarli uyda emas. Xavfsizligimni ta’minlash uchun qurol juda muhim”,- deydi bu qiz.

Qurolni ishlatishni qanchalik bilish-bilmasligi, qimmat yoki arzonligidan qat’iy nazar, nafaqat otishni yaxshi ko’radigan, balki uyida qurol saqlashni ma’qul ko’radigan amerikaliklar soni oshib bormoqda.

2011-yili 1,5 million amerikalik qurol sotib olish uchun ruxsat so'rab, hukumatga hujjat topshirgan.

Kolin Goddard ismli mana bu amerikalik dahshatda. 2007-yilda u universitetidagi otishmada uch joyidan yaralangan.

Ruhan kasal talaba o’shanda 32 kishini otib o’ldirgan.

Kolin Goddard universitetda qattiq yaralangan. Ruhan kasal kursdoshi 32 odamni otib o'ldirgan.
Kolin Goddard universitetda qattiq yaralangan. Ruhan kasal kursdoshi 32 odamni otib o'ldirgan.

Kolin Goddard kursdoshlarning yarmidan ayrilgan. Hamon shokda.

“Universitetimdagi bu voqeadan oldin men ham boshqa ko’plab amerikaliklar singari bu erkinlik, bu huquq deb yurar edim. Xavfli odamlar qurol ololmaydi, cheklovlar bor derdim”,- deydi u.

Kolin yoshligini Somali, Bangladesh, Indoneziya va Misr kabi beqaror jamiyatlarda o’tkazgan.

“Oilamiz o’sha yurtlarda yashayotganida Amerikadagi qarindoshlarimiz tezroq qaytinglar, u yerlar xavfli deyishar edi. Vatanga qaytib, o’qishga kirdim. Osuda jamiyatda yashayapman deb o’ylagan edim. Bu yerlar eng tinch joydek tuyular edi",- deydi.

Kolin hozir qurol nazoratini targ’ib qiluvchi tashkilotda ishlaydi. Bu muassasaga Jim Breydi nomi qo’yilgan. Breydi 1981-yilda prezident Ronald Reygan otilganida qattiq yaralagan. Matbuot kotibi edi.

Dennis Xenigan, tashkilot rahbari, qurol faqat xavf, zarar, deydi.

“Bu Amerikaning fojiasi. G’arbda biror boshqa davlat qurol va u sabab vujudga keladigan zo’ravonlikka biz singari toqat qilmaydi. Sharmandalik bu, biz uchun”,- deydi Xenigan.

AQSh-Meksika chegarasida musodara qilingan qurollar
AQSh-Meksika chegarasida musodara qilingan qurollar


AQSh Sog’liq saqlash vazirligining bildirishicha, har yili o’rtacha 100 ming odam o’q jarohati oladi, 30 ming kishi nobud bo'ladi.

Arizona shtatidagi otishma biror qonunni o’zgartirgani yo’q.

Qonunlar o’zgarmaydi, chunki hukumatning bunga haqqi yo’q, deydi qurol targ’ibotchisi Jon Snayder.

“Hukumat xalqqa xizmat qiladi. Xalq nima desa shu. Buni rad etsa, holi voy”.

Lobbichi deydiki, ko’pchilik amerikaliklar qurolga ega va uning tarafdori.

“Bu amerikaliklar soni prezident saylovida ovoz beradigan fuqarolar sonidan ham ko’p”,- deydi Snayder.

Ko'pchilik qurolga shaxsiy himoya vositasi sifatida qaraydi
Ko'pchilik qurolga shaxsiy himoya vositasi sifatida qaraydi

Shu tariqa miltiqqa egalik bu mamlakatda individual erkinlikka borib taqaladi. Lobbichilar va qurolga qarshilar erkinlikni turlicha talqin qiladi. Lekin bu bilan mavjud qonunlar o’zgarib qolayotgani yo’q.

Avtomatik qurollar ta'qiqlangan, lekin to'pponcha va ovchilik miltig'iga ko'plab shtatlarda ruxsat bor.

AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan ikkinchi tuzatish, 1791-yilda qabul qilingan qonun fuqaroga qurollanish huquqini beradi.

2007-yilda xalqaro izlanishlar olib borilganida, qurolga egalik bo'yicha Amerika birinchi o'rinda ekani ma'lum bo'lgan. Har 100 kishidan 89 nafari uyida qurol asraydi. Ikkinchi o'rinda Serbiya, uchinchi o'rinda esa Yaman.

Amerikaliklar qurolga o'ch, zarar va foyda haqida bahslar tinmaydi /US Guns
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:54 0:00
Yuklab oling

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG