Pentagonning yangi rahbarini nimalar kutmoqda?

  • Amerika Ovozi

Qariyb ikki yil davomida AQSh Mudofaa vaziri bo’lib ishlagan Chak Xeygl o’tgan hafta kutilmaganda iste’foga chiqishi haqida e’lon qildi.

Dunyoning eng yirik harbiy tuzilmasi, milliardlab dollar byudjetga ega Pentagon ishini davom ettirmoqda. Yangi mudofaa vazirini nimalar kutmoqda?

Bu - Kongress saylovlaridan keyin Obama ma’muriyatida bo’lgan eng katta o’zgarish, lekin Pentagon moslashib ketaveradi, deydi admiral Jon Kerbi.

“Harbiy sohada o’zgarish bu tabiiy jarayon. Yetakchilar muntazam ravishda o’zgarib turadi”, - deydi admiral.

Ammo AQSh tashqi siyosatida hozir murakkab bir davr. Afg’onistonda 13 yillik urushga yakun yasalyapti. Iroq va Suriyada esa “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi harbiy kampaniya kengaymoqda. Mudofaa vazirligi byudjeti kelasi yil qanday bo’lishi noma’lum.

Harbiy tahlilchi Lorens Korb fikricha, prezident Obama amaldagi siyosatni qo’llab-quvvatlaydigan maslahatchisidan ayrilyapti. Bunday katta o’zgarishning fursati emasdi hozir, deydi u.

Ammo gap shundaki, Obamaga AQShning Yaqin Sharq va boshqa mintaqalardagi siyosatini jamoatchilikka tushuntirib bera oladigan vazir kerak. Chak Xeygl Iroq va Suriya bo’yicha siyosatni savolga tutgani, prezident qarorlariga ta’sir eta olmagani uchun ishdan ketayapti degan taxminlar bor.

Obama ma’muriyati “Islomiy davlat” tahdidiga qarshi vaqtida harakat qilmagani uchun tanqid ostida.

Avgust oyida o’tgan matbuot anjumanida mudofaa vaziri guruhni yaxshi moliyalangan, strategik va harbiy jihatdan puxta deya ta’riflagan edi.

Katta bir hududda xalifalik e’lon qilib, chet el fuqarolarini garovga olib va pullab, o’z safiga xorijdan yoshlarni jalb qilib, “Islomiy davlat” haqiqatan jiddiy tahdidga aylandi. Unga qarshi hatto bir-birini dushman deb bilgan mamlakatlar ham bir yoqadan bosh chiqardi.

“Masalan, Eron bilan hech bir masalada kelisha olmaymiz, lekin islomiy respublika Iroqda AQShga yordam berayapti. Rossiya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari ham Suriyada biz bilan ittifoqchi”, - deydi Lorens Korb.

Vyetnam urushi faxriysi va sobiq respublikachi senator Chak Xeygl bundan ikki yilcha oldin, Obama Afg’oniston va Iroqda urushlarni yakunlashni bosh maqsad deb belgilagan bir vaqtda mudofaa vaziri etib tayinlangan edi.

Uning lavozimini erta tark etishiga yana bir sabab Xeygl muxolifat bilan, Kongressdagi respublikachilar bilan til topishishda vositachilik qiladi, ko’prik vazifasini o’taydi, degan umidlar oqlanmaganidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG