Haqqoniylar AQShning qora ro’yxatiga kiritildi

  • Amerika Ovozi

Amerikadagi yetakchi nashrlardan birida chop etilgan maqolada yozilishicha, Qo’shma Shtatlar “Haqqoniy” jangari guruhini qora ro’yxatga kiritishga hozirlik ko’rmoqda.

Nyu-York Tayms gazetasining yoritishicha, mazkur qaror bir necha oylik muhokamalar natijasida qabul qilingan. Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Kongressga bu borada noma yo’llaydi.

“Haqqoniy” guruhiga terrorchi tashkilot degan tamg’a bosilishi unga qarshi kuchli moliyaviy sanksiyalar qo’yilishini nazarda tutadi.

Al-Qoida guruhi bilan hamkor haqqoniylar Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasida qo’nim topgan, bu davlat razvedkasi bilan aloqada ekani taxmin qilinadi. Pokiston hukumati bunday da’volarni qat’iyan rad etib keladi.

Afg’onistonda amalga oshirilgan qaqshatqich xurujlarni aynan Haqqoniy tizimi amalga oshirgan, deydi harbiylar. O’tgan yili AQShning Kobuldagi elchixonasi, NATO idorasi va xalqaro koalitsiyaga tegishli harbiy bazalar nishonga olingan.

Ayrim fikriga ko’ra, haqqoniylar qora ro’yxatdan joy olishi Vashingtonning Pokiston bilan shundoq ham nozik munosabatlariga yana bir zarba bo’lishi muqarrar. Tolibon bilan til topishib, Afg’onistonda urushni yakunlashda Pokistonning roli muhim, deya eslatadi ular.

Afg’oniston Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Sodiq Siddiqiy Obama ma’muriyati qarorini olqishlamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG