Alsgeymer kasalligiga qarshi kurashda muvaffaqiyatlar

  • Amerika Ovozi

Zamonamizning eng dahshatli kasalliklaridan biri – Alsgeymerga davo topish uchun tadqiqotlar shiddat bilan davom etmoqda. Xastalik asosan keksalarda uchraydi, ammo nimadan kelib chiqishi to’la o’rganilmagan. Shunday bo’lsa-da, olimlar bemorlarga yordam berishning bir necha yo’lini topgan.

Alsgeymer neyrodegenerativ kasallik bo’lib, yiliga 30 million odam unga chalinadi. Bemor sekin-asta xotirasini yo’qotadi, harakatlari o’zgaradi, so’ngra hayotdan ko’z yumadi.

Tadqiqotlardan bilamizki, Alsgeymer nerv sistemasini ishdan chiqaradi. Ammo miya nihoyatda murakkab organ bo’lgani uchun aynan qaysi kimyoviy modda bunga sababchi ekani aniq emas.

Bir gipotezaga ko’ra, tau deb nomlangan protein o’zgarishi natijasida neyronlarning normal faoliyati buziladi.

Yaqinda Slovakiya olimlari yangi vaksina yaratdi. Uning vazifasi - immunitetni kuchaytirish orqali o’sha oqsil moddasining yemirilishini bartaraf etish.

“Hayvonlarda o’tkazilgan sinovlarda nuqsonli tau proteinining 95 foizi yo’q bo’lganini ko’rdik. Bu natija bizni nihoyatda quvontirdi”, - deydi “Axon Neuroscience” bosh olimi Mixal Novak.

“Eli Lilly” farmatsevtika kompaniyasi olg’a surayotgan nazariyaga ko’ra esa Alsgeymer kasalligiga amiloid beta nomli kimyoviy moddaning anormal joylashuvi sababchidir.

Bu kompaniya dorisi xastalikning ilk bosqichida samara beradi.

“Bu dorining salbiy jihatlari yo’q. Eng muhimi, ta’siri uzoq vaqt davom etadi, bemorga yordam beradi,” - deydi Alsgeymer uyushmasining bosh shifokori Uilyam Tays.

Har ikki dorining sinov natijalari yaqinda Vashingtonda o’tgan ilmiy simpoziumda taqdim etildi.

Bu orada, Stenford universiteti tadqiqotchilari neyrodegenerativ kasalliklarni chuqurroq tushunish uchun pashsha miyasini o’rganmoqda.

“Odamlarda kasallik qo’zg’atadigan ayni genlar pashshada ham uchraydi. Ana shu o’xshashliklar asosida xulosalar qilish mumkin,” - deydi Stenford universitetida tadqiqot o'tkazayotgan biolog-olim Chen Xvan.

Infraqizil kamera va sensorlar bilan jihozlangan robot pashashani tutib, miyasini hech qanday dorisiz tadqiqot uchun tayyorlaydi.

Pashshaning miya hujayralarida ham tau proteini mavjud, Alsgeymer bemorlarida bo’lgani kabi u ham yemirilishi mumkin. Aynan shu bois kasallikni o’rganishda pashsha miyasi qo’l kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG