Sog'liqni saqlash tizimi islohoti yuzasidan siyosiy tortishuv tinmagan

  • Amerika Ovozi

Kelasi oyda AQSh qonunchilari yozgi ta’tildan yana ishga qaytadi. 1-oktabrgacha ular federal hukumat byudjeti masalasini hal etishi kerak. Ikki taraf o’rtasida murosaga to’g’anoq bo’layotgan muammo – prezident Barak Obamaning 2010-yilgi sog’liqni saqlash sohasidagi islohoti. Respublikachilar yangi moliyaviy yil uchun hukumatga mablag’ ajratishga qarshi chiqishi mumkin. Bu esa ijroiya hokimiyatini falaj qilishi turgan gap.


Prezident Barak Obama sog’liqni saqlash sohasiga oid yangi qonunni 2010-yilda imzolaganiga qaramay, bahs-munozaralar qizg’inligicha qolmoqda.

Tandiqchilar va tarafdorlar turli-tuman televizion reklamalar orqali odamlarni o’z tarafiga og’dirishga urinmoqda. Bir rolikda yangi islohot yuqori baholansa, boshqasida unga tosh otiladi.

Ayrim respublikachilar Kongressdan islohot uchun mablag’ bermaslikni talab qilmoqda. Oktabr yaqinlashar ekan, hukumat xarajatlari masalasi yana dolzarblashishi muqarrar.

“Qonun ishlamayapti. U sog’liqni saqlash sohasi uchun zarar bo’ldi. Amerika xalqi saylangan vakillardan javobgarlikni talab qilmoqchi bo’lsa, hozir buning vaqti,” – deydi Texasdan respublikachi senator Ted Kruz.

Floridalik senator Marko Rubio ham u bilan hamfikr. Har ikki arbob 2016-yilda prezidentlikka o’z nomzodini ko’rsatishi mumkin.

“Qonun iqtisodimiz va mamlakatimiz uchun tuzatib bo’lmaydigan zarar keltiradi. Obama islohotiga qarshi bo’lgan odam uning uchun mablag’ ajratish masalasini qo’llab-quvvatlamaydi”, - deydi Rubio.

Respublikachilar ko’pchilik bo’lgan Vakillar palatasi qonunning amal qilishi uchun mablag’ ajratishga qarshi bir necha bor ovoz bergan.

Ammo bunday qaror demokratlar nazoratida bo’lgan Senatdan o’tmagan. Prezident ham, zarurat tug’ilsa, bu borada veto huquqidan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.

Barak Obama yaqinda bu haqda shunday dedi:

“30 million odamga tibbiy sug’urta bermaslik maqsadida hukumat faoliyatini batamom to’xtatish juda nosog’lom g’oya ekani shubhasiz”.

Tahlilchilar fikricha, qonunga qarshi chiqayotganlar – asosan Respublikachilar partiyasining “Choychilar” nomini olgan o’ta konservativ qarashdagi vakillari.

Partiya safida yangicha qarashdagilar ham bor. Respublikachilar strategiyasi mualliflaridan biri Ford O’Konnell safdoshlarini islohotga qarshi chiqmaslikka undaydi.

“Bu nihoyatda xavfli strategiya. Uning oqibatlari respubkachilar uchun juda jiddiy bo’lishi mumkin. Chunki hozirda partiya 2014-yilda Kongressga bo’ladigan saylovlarda g’alaba qozonish maqsadida o’z platformasi va mafkurasini o’zgartirishga harakat qilmoqda”, - deydi u.

Tajribali respublikachilar ham safdoshlariga yetti o’lchab bir kesish kerak, deydi. 1990-yillarda respublikachilarning demokrat prezident Bill Klinton bilan byudjet masalasida kelisha olmasligi oqibatida hukumat faoliyati bir muddat to’xtagan edi. Shu paytgacha amerikaliklar o’sha paytda iqtisodiyotga keltirilgan zarar uchun respublikachilarni ayblab keladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG