Sog’liqni saqlash amerikaliklar uchun eng og’ir masalalardan biri

  • Amerika Ovozi

Amerika sog’liqni saqlash tizimi murakkab, xizmatlar qimmat, ayniqsa tibbiy sug’urtasi bo’lmagan 30 million fuqaro uchun. Ayrim hollarda kasalxona bemorga yuborgan cheklarda xatolar ham topiladi. Ko’pchilik fuqarolar amaldagi tartib-qoidalardan norozi.



Tatyana Sham uyida, iti bilan o’tirganida badanida kuchli og’riq turgani haqida so’zlaydi.

“Shunaqa kuchli ediki, hech qachon bunaqasi bo’lmagan”.

Og’riqqa sabab – o’t pufagining yallig’lanishi edi. Jarrohlik operatsiyasi orqali xasta organ olib tashlandi.

Bir yarim soat davom etgan operatsiya 18 ming dollarga tushdi.

“18 ming dollar misli ko’rilmagan pul. Lekin oldindan bilib bo’lmadi-da,” - deydi Sham.

Doktor va boshqaruvchi Jerard Anderson deydiki, tibbiy muolajalar narxini oldindan aniq hisoblashning iloji yo’q:

“AQShda kasalxonaga borsangiz-da magnit resonans tomografiyasi yoki kasalxonada bir kun yotish narxi qancha bo’ladi, deb so’rasangiz aniq javob ololmaysiz. Qonunga ko’ra, ular sizga aniq javob bermaslikka haqli”.

“Men bunday qonun-qoidani tushunishga ojizman. Axir har bir odam umrida kamida bir marta kasalxonada yotib chiqadi-ku,” - deydi Tatyana Sham.

Kasalxona hisob-kitobini biz Mishel Katzga ko’rsatdik. U hamshira va tibbiy maslahatchi. Tibbiy xizmatlar narxini pasaytirish haqida ikkita kitob ham yozgan. Hisob-kitob qilinganida xatoga yo’l qo’yilishi hech gap emas, deydi Katz.

“Telefonda sms yozganingizda, “O”ning o’rniga “P”ni bosib yuborishingiz mumkin, to’g’rimi? Kod noto’g’ri terilsa, 50 dollarlik muolaja emas, 1000 dollarlik muolaja hisobga kiritilishi mumkin,” - tushuntiradi u.

Xo’sh, Tatyana Shamga yuborilgan chekda qanday muolajalar kodlari ko’rsatilgan? O’t pufagini olib tashlash operatsiyasi murakkablik jihatidan o’rtacha hisoblanadi. Kodi – 3-daraja. Chekda esa 4-daraja, ya’ni qiyin operatsiya ko’rsatilgan.

Katzning aytishicha, kasalxona hisob-kitob qilganida to’lab bo’lingan xizmatlar narxini ham chekka kiritishi mumkin.

Tibbiy preparatlar narxini ham esdan chiqarmang. Mana bu yerda ko’rsatilgan 60 dollar tuzli rastvor uchun. Internet orqali bu preparatning har bir shishasini 2,5 dollardan sotib olish mumkin.

“Buning narxi 60 dollar emas-ku, desangiz, kasalxona bu bizning narx, deb javob beradi,” - deydi doktor Anderson.

Sham chekni kasalxonaga olib borib, doktorlarga ko’rsatdi, xarajatlarni qayta sanab chiqishni so’radi. Natijada u to’laydigan pul 18 mingdan 10 ming dollargacha kamaydi.

“Hayratlanarli emasmi axir?! Bu pulni asta-asta to’layman”.

Kasalxona Tatyanaga qarzni bir necha oy davomida to’lashga ruxsat berdi. Bemorlarga ko’rsatilgan tibbiy xizmat sifatli bo’la turib narxlar ham adolatli bo’lishi uchun oshkoralik kerak, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG