Amerika hayoti: Tibbiy sug’urta, dori va muolaja juda qimmat

  • Amerika Ovozi

Amerikaliklar nazarida ularning mamlakatida sog’liqni saqlash tizimi murakkab ammo sifat jihatidan yuqori. Ammo so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, uzoq umr ko’rish bo’yicha AQSh 51-o’rinda. Narxlar-chi? Tibbiy muolaja va prepaparlar narxi Britaniya va Fransiya kabi Yevropa mamlakatlarga qaraganda ikki baravar qimmatroq. Tibbiy sug’urtasi bo’lmagan fuqarolar bundan eng ko’p aziyat chekadi.

Riki Dana xronik xastalik bilan yashayotgan millionlab amerikaliklardan biri.

“Kechasi qayt qilganimdan uxlolmayman. Oshqozonimda ovqat yaxshi hazm bo’lmay, qiynalaman. Bu juda yomon”.

Sabab - kana orqali yuqadigan “Layma” kasalligi. Ayolga depressiya tashxisi ham qo’yilgani tufayli tibbiy sug’urta kompaniyalari unga sug’urta berishdan bosh tortadi yoki uni baland narxda taklif qiladi. Olingan tibbiy muolajalar uchun qarz osmon baravar.

“Mart, mart, mart, bu ham mart oyi uchun. Har hafta chek kelgan”.

Doktor unga to’rt turli dori yozib bergan va ko’proq dam olish kerak, degan. Biroq yaqinda ishsiz qolgan Riki Dana dorini qaysi pulga sotib olish, o’n minglab dollarga teng muolajalar uchun qarzini qanday uzishni bilmaydi.

“Ijara pulini to’lashim kerak. Shifokor esa 30 daqiqalik maslahat uchun 400 dollar to’laysan dedi. Stressni kamaytirish haqidagi maslahat edi,” - deydi u.

AQShda tibbiy xizmat narxi turli joyda turlicha. Masalan, Arkanzas shtatida ayni muolaja 12 ming dollardan 37 ming dollargacha turishi mumkin. Kaliforniya kasalxonalarida 35 mingdan 100 minggacha. Virjiniyada esa 14 mingdan 32 ming dollargacha to’laysiz.

Nufuzli Jons Hopkins kasalxonasida moliya va menejment markazi direktori doktor Jerard Anderson deydiki, kasalxonalar istagan narxni belgilaydi. So’nggi 30 yil ichida tibbiy xizmatlar narxi ayniqsa oshib ketdi.

“Bu sarflanadigan preparatlar narxi emas. Hamshira va shifokorlar mehnati narxi ham emas. Ular og’ziga kelganini so’raydi”.

Mishel Katz hamshira va tibbiy maslahatchi. Narxlarni belgilashda adolatlik yo’q, deyd u.

“Qonun-qoidalar o’zgartirilib, sohani qattiq nazorat qilish kerak. Oshkoralik bo’lsin. Kasalxonaga borgan odam kasal bo’lgani uchungina qarzga botishi noto’g’ri, axir!”

Riki Dana kabi millionlab amerikaliklar Obama tashabbusi bilan 2014-yil yanvar oyida kuchga kiradigan yangi qonunni intizorlik bilan kutmoqda. Sog’liqni saqlash bobidagi bu islohot o’n minglab amerikaliklarga tibbiy xizmatlardan foydalanish imkonini beradi. Ammo doktor Andersonning aytishicha, baland narxlarning pasayishi amri mahol.

“Narxlar eski darajaga qaytmaydi. Shunchaki o’sish sur’atlari yaxshiroq nazorat qilinadi, xolos,” - deydi Anderson.

Riki Dana moliyaviy madad so’radi. 40 ming dollarlik qarzi o’rniga endi 10 ming to’laydi.

“Ular ahvolimni yaxshi tushundi va yordam berdi. Juda mamnunman”.

Shunga qaramay ayolning qarzlari shu qadar baland-ki, u arzonroq uyga ko’chishga majbur.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG