Nyu-York Tayms: Suriya muxolifati AQShdan harbiy madad olmoqda

  • Amerika Ovozi

Ozod Suriya Armiyasi vakillari Himsda mashq qilmoqda, 18-iyun, 2012-yil

Ozod Suriya Armiyasi vakillari Himsda mashq qilmoqda, 18-iyun, 2012-yil

Faollarning aytishicha, Suriya shimolida hukumatga sodiq jangari guruhning 26 a’zosi o’ldirilgan.

Voqea Halab (Aleppo) shahrida ro’y bergan, buni tasdiqlovchi video bor, deydi Britaniyada asoslangan Suriyada huquqiy ahvolni kuzatuvchi kengash rahbari Rami Abdulrahmon “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.


“Kamida 26 odamning jasadi topilgan Halab g’arbida… Guvohlarning aytishicha, bari prezident Bashar al-Assad ma’muriyatiga xayrixoh shabiha guruhi a’zolari. Biroq o’lganlarning shaxsi haqida, jangari yoki tinch aholi ekani borasida hozircha dalil yo’q”, - deydi Abdulrahmon.

Shabiha guruhi hukumat tarafida kurashib, isyonchilar va oddiy fuqarolarga qaqshatqich zarbalar berganlikda ayblab kelinadi.

Suriya davlat matbuoti ham bugun hududda terrorchilar qariyb 25 kishini o’ldirganini ma’lum qilgan edi.

Faollar, shuningdek, bugun Hims shahrida armiya va isyonchilar o’rtasida olishuvlar o’tganini bildirmoqda. Shaharda yuzlab tinch fuqaro tirik qalqonga aylangan.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi kecha Himsdan odamlarni evakuatsiya qilishga harakat qilgan, biroq otishmaga yo’liqib, rejadan qaytgan. Qo’mita mintaqaga yana bir kirishga urinib ko’ramiz, deydi.

Suriyaning al-Xolidiya shahri, 21-iyun, 2012-yil (Suratni kattalashtirish mumkin)

Suriyaning al-Xolidiya shahri, 21-iyun, 2012-yil (Suratni kattalashtirish mumkin)

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitobiga ko’ra, ahvol og’irlashgani sari bugun 1,5 million suriyalik insonparvarlik yordamiga muhtoj. Avvalroq bu raqam 1 million atrofida edi.


BMT va Suriya hukumati oy boshida shartlashib, shaharlarda boshpanalar yaratishga, aholiga yegulik, dori-darmon va oddiy himoya yetkazishga kelishib olgan edi. Lekin zo’ravonlik kuchaygani bois BMT regionga odam jo’nata olmayapti.

Suriyada Assad hukumatiga qarshi jang qilayotgan isyonchilar Amerikadan yordam olayotgan bo’lishi mumkin. The New York Times gazetasining yozishicha, AQSh razvedkasi Turkiya-Suriya chegarasida ishlab, muxolifatga qurol-aslaha yetkazishga ko’z-quloq bo’lib turibdi. Raketa, avtomat qurollar, tankka qarshi vositalarni Saudiya Arabistoni, Turkiya va Qatar ta’minlamoqda, deya xabar beradi gazeta Amerika va arab maxfiy xizmatidagi manbalarga tayanib.

Saudiya Arabistoni qo’llab-quvvatlovini olgan va Checheniston, umuman Kavkazda o’rnashib olgan jangarilar Rossiyaning bosh o’g’rig’i ekani sir emas. Rossiya ana shu ssenariy takrorlanishini istamaydi ...

Oq uy matbuot kotibi Jey Karni so’zlariga ko’ra, Vashington Suriya oppozitsiyasiga “o’ldiradigan aslaha” uzatayotgani yo’q.

“Bir narsani aytishim mumkin: Amerika suriyaliklarga insonparvarlik madadi yetkazmoqda. Muxolifatni esa noharbiy jihatdan qo’llab-quvvatlab kelamiz, boshini qo’shishga yordam beramiz”, - deydi Jey Karni.

The Wall Street Journal gazetasida yoritilishicha, AQSh razvedkasi isyonchilarga sun’iy yo’ldosh tasvirlaridan foydalanish imkonini berish-bermaslik ustida o’ylanmoqda. Assadga qarshi kurashda bu ustunlik bo’lishi aniq, deydi tahlilchilar.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karnining aytishicha, Suriya kelajagida Assadga o’rin yo’q – Amerika pozitsiyasi shu. “Qo’rqinchli harakatlari bilan davlatni boshqarishga loyiq emasligini isbotladi”, - deydi u.

Amerikalik ekspert, Yaqin Sharq bo’yicha olim Aaron Deyvid Miller Rossiya rolida to’xtaladi.

“Prezident Vladimir Putin Suriyada Assad ketgach, sunniy ekstremistlar kuchga to’lishidan xavotirda. Saudiya Arabistoni qo’llab-quvvatlovini olgan va Checheniston, umuman Kavkazda o’rnashib olgan jangarilar Rossiyaning bosh o’g’rig’i ekani sir emas. Rossiya ana shu ssenariy takrorlanishini istamaydi”, - deydi mutaxassis.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi kecha Suriyaga harbiy vertolyotlar jo’natish niyatini tasdiqlagan. Bu vositalar Suriyaga qarashli va Rossiyada remont qilingan, xolos, deya izohlaydi vazirlik.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG