Odamlarni qutqaruvchi yangi texnologiya

  • Amerika Ovozi

Zilzila yoki boshqa ofat natijasida binolar qulaganida odamlarni qutqarish uchun har bir daqiqa g’animat. AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi va NASA Fazo agentligi olimlari hamkorlikda shunday bir asbob ixtiro etishdiki, uni vayronalar ostida qolgan odamlarni topish va qutqarishda ishlatsa bo’ladi.



Virjiniyadagi mashqlar markazida “Finder” nomini olgan yangi asbob sinovdan o’tkazilmoqda. Chamadonga o’xshagan, unga katta daftardek keladigan ekran ulangan bu radar juda sezgir. Uning yordamida 10 metr qalinlikdagi shag’al tagidan hatto behush yotgan odamni topish mumkin.

Fazo agentligining bu ixtirosi favqulodda vaziyatlarda juda qo’l keladi.

“Finder” fazodagi kosmik apparatlarni kuzatish texnologiyasiga asoslangan, deydi NASAning Kaliforniyadagi laboratoriyasi xodimi Jim Laks.

“Finder” yer ostiga mikro-to’lqinlarni tarqatadi. Inson badani ularni aks ettiradi. Agar odam tirik bo’lmasa, bu to’lqinlar harakatlanmaydi. Lekin agar beton yoki g’isht qoldiqlari tagida biror harakatni ilg’asa - deylik odam nafas oladimi, yuragi urib turibdimi - radar bunday o’zgarishlarni darhol aniqlaydi va ekranda ko’rsatadi”.

Bu apparat olib yurishga qulay, ishlatish ham oson, deydi Laks.

“30 soniya davomida ma’lumot to’planadi, chunki yurak urishi va nafas olishni aniqlash uchun shuncha vaqt kerak. So’ngra tahlil qilib, ekranga chiqaradi”.

“Finder” qutqaruvchilar ishlatadigan boshqa vositalar – eshitish asboblari va izquvar itlarga qo’shimcha. Avvalo qidiruv maydonini aniqlab olish lozim, deydi Virjiniya Operativ guruhi vakili Metyu Tamillou:

“Bu turdagi texnologiyalar, shu jumladan “Finder”, binolarni saralashda ayniqsa qo’l keladi. Muayyan bir joyda, vayrona ostida tirik inson borligini bilsak, qidiruvni o’sha yerda olib boramiz, vaqtni tejaymiz”.

“Finder” 30 metr masofadagi ochiq joyda yoki olti metr beton tagida odam borligini aniqlash imkonini beradi.

Hozircha sinovlar davom etyapti. Asbob kelasi yildan qutqaruv missiyalarida qo’llana boshlashi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG