Breaking News

Jon Kennedi o'limidan 50 yil o'tib, uning tashqi siyosatiga nazar


22-noyabr kuni AQSh prezidenti Jon Kennedi hayotiga qasd qilinganiga 50 yil to’ladi. 1961-yilda u Oq uyga saylanganida dunyo ikkiga bo’lingan, bir tarafda AQSh, boshqasida Sovet Ittifoqi hukmron edi. Sovuq urush davomida ikki qutb Berlin, Kuba va Vyetnamda to’qnashdi. Kennedi kommunizm mafkurasiga qarshi bo’lsa-da, dunyo tinchligini ustun deb bilar edi.

Prezident etib saylangan damdanoq Jon Kennedi Sovet Ittifoqi oldida bo’yin egmasligini namoyish qila boshladi.

“Har bir davlat, do’st bo’ladimi bizga yoki dushmanmi, bir narsani yaxshi bilishi kerak: biz erkinlikni himoya qilish va ta’minlash yo’lida har qanday qiyinchilikdan o’tishga tayyormiz,” - degan edi u.

Kennedi ma’muriyati Markaziy razvedka boshqarmasining Kuba rahbari Fidel Kastroga qarshi kuchlar tomonidan Kubani bosib olish rejasini qo’llab xato qildi. Yozuvchi Robert Dallek mag’lubiyatga uchragan Kennedi yaxshigina saboq olganini aytadi:

“Shu qadar jiddiy mag’lubiyat ediki, Kennedi uzoq vaqt davomida o’ziga “shu darajada ahmoqmanmi?” deb yurgan. Qaroridan shunchalik pushaymon bo’lganki, armiya safida unga ishonchsizlik kuchaygan”.

Kubadagi xato Kennedining yosh va tajribasizligi barobarida uni jahon rahbarlari, ham ittifoqdoshlar, ham dushmanlar hurmatini qozonishga majbur qildi. Yevropaga safar birinchi imkoniyat bo’ldi:

“Kennedining Fransiya prezidenti Sharl de Goll bilan teng arbob sifatida yonma-yon turishi uning xalqaro sahnadagi nufuzini oshirishi kerak edi. Lekin u Venada Sovet rahbari Nikita Xrushyov bilan uchrashdi. Xrushyov bu yosh yigitni mensimadi, unga aql o’rgatdi, shafqatsizlik bilan nima qilayotganini tushunmayotganini uqtirdi. Bundan tashqari, Berlin masalasi… Kennedi tashqi siyosatda o’zi uchun asosiy maqsad qilib bir narsani belgilagan edi, bir narsani – yadroviy urushga yo’l qo’ymaslikni,” - deydi Dallek.

1962-yil oktabr oyida AQSh josus samolyotlari Sovetlarning Kubadagi harbiy faoliyatini fosh etdi. Bu prezident Kennedi uchun eng qiyin sinov bo’ldi.

“So’nggi haftada jiddiy dalillar yordamida bir narsaga amin bo’ldik: orolda hujumchi raketalarni joylash uchun tayyorgarlik ketayotgan ekan”, - deya ma'lum qildi Kennedi o'shanda.

U Kubaga Sovet raketalarining yetkazilishiga chek qo’yish uchun orolni qamal qilishni buyurdi. Kuba krizisi nomini olgan voqea 13 kun davom etdi. Dunyo atom urushi yoqasida edi. Biroq Kennedi olib borgan diplomatiya harbiy do’q-po’pisalar barobarida Sovet Ittifoqini chekinishga majbur qildi.

Mojaro AQSh rahbarini Sovuq urushdagi taranglikni kamaytirish yo’llarini izlashga undadi. O’limidan bir necha oy oldin Kennedi Sovet Ittifoqi bilan yadroviy sinovlarni cheklovchi bitim imzolashga muvaffaq bo’ldi. Bu arbobning eng katta yutuqlaridan biri edi.

Prezidentligining so’nggi oyida Kennedi Janubiy Vyetnamdagi urush xususida ham shubhalar bildira boshlagan edi.

“Nazarimda u hech qachon keyingi prezident Lindon Jonsondek yo’l tutmasdi. Ya’ni katta sonli qo’shinlarni Vyetnamga yubormagan bo’lardi. U urushni tugatgan bo’larmidi? Bilmadim. Lekin u Jonsondan farqli ravishda urushni jadallashtirmasdi. Bunga ishonchim komil,” - deydi tarixchi Robert Dallek.

Jon Kennedi prezidentlik muddati qisqa bo’ldi. Ammo Kubadagi inqirozni hal etish va tinchlikni ta’minlash yo’lidagi urinishlari uning asosiy muvaffaqiyatlari edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG