Ko'chmas mulk bozoridagi inqiroz global iqtisodiyotni orqaga tortmoqda

  • Amerika Ovozi

Amerika uy-joy sektori iqtisodiyotni tanazzuldan xalos etishga qodir muhim soha sanaladi. Lekin bu bozor hamon bo’sh. Millionlab amerikaliklar hali ham ipotekani to’lolmay, boshi qotgan. Dunyoning eng yirik iqtisodiyoti bo’lmish bu davlatda umr bo’yi mehnat qilganlar umuman ko’chada qolib ketmoqda.


“Uyimdan quruq qoladigan bo’ldim. Qayerga boraman endi? Erim bo’lmasa, farzandlarim ham yo’q. O’t o’chiruv xizmatida 23 yil ishlaganman. Qancha-qancha odamlar hayotini saqlab qoldim. Endi esa yoshim bir joyga yetganida, nafaqaga chiqqanimda, boradigan joyim bo’lmasa. G’alati emasmi bu, axir!”

Xarris a’lo darajadagi xizmati uchun mukofotlar olgan. Lekin bir safar o’ta og’ir bemorni ko’taraman deb, mayib bo’ldiyu, nafaqaga chiqishga majbur bo’ldi. Pensiyasini olishi ancha qiyin bo’ldi. Kasbga yaramay qolganini isbotlash uchun necha vrachga ko’rindi, qog’ozlar to’ldirdi. Shunga bir necha oy sarson bo’lib, ipotekani to’lolmadi.

2007-yilda boshlangan iqtisodiy inqiroz ishsizlikka turtki berdi; ko’plar ipotekani to’lolmay, uyidan judo bo’ldi.

“RealtyTrac” firmasining bildirishicha, krizis avjiga chiqqan yili bir milliondan ortiq uy egalaridan tortib olindi. Odatda, o’rtacha hisobda bu raqam 200 ming atrofida bo’ladi. Iqtisodiy ahvol biroz yaxshilanar ekan, bu ko’rsatkich kamayganday, lekin joriy yilda ham 700 mingga chiqishi hech gapmas.

Ko’chmas mulk bo’yicha mutaxassis Lorens Yun deydiki, Amerika iqtisodiyoti oqsayotgani bois chetdan kamroq mahsulot xarid qilmoqda. Bu esa global o’sish sekinladi, degani.

“Tarixan, uy-joy bozori gullab-yashnaganida iqtisod o’sgan. Ko’chmas mulk bozori krizisga uchrasa, ekonomika yomonlashadi. Ko’chmas mulk sohasi o’ziga keldimi, iqtisod ham inqirozdan chiqadi”.

Debra Xarris boshiga tushganini “dahshatning o’zginasi” deydi:

“Menga xudoning rahmi keldi, aks holda allaqachon insult bo’lib, o’lib ketardim. Boshimga nimalar tushmadi deysiz. Ular endi kelib, meni uyimdan haydab chiqaradi, deb qo’rqib o’tirganman-da”.

Moliyaviy inqiroz boshlanibdiki, AQSh bo’ylab 4,3 million odam uyidan ajraldi. Xarris taslim bo’lganicha yo’q. Ishi sudda ko’rilyapti. Ayolga mahalla guruhlari va advokatlar yordam bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG