Amerika poytaxtida uysiz oilalar ko'paygan

  • Amerika Ovozi

Donnel Xarris, rafiqasi Stefani va ikki farzandi

Donnel Xarris, rafiqasi Stefani va ikki farzandi

O’tgan qish Vashingtondagi uysiz oilalar soni ikki baravar ko’paydi. Bu raqam kutilgan 10 foizdan ancha baland. Rasmiylar ham hayron. Ammo uysizlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar poytaxtdagi narxlar keskin oshgani sababli ko’plarning ijara to’lashga qurbi yetmayotganini aytadi.

Vashington markazidagi “City Center DC” qurilish loyihasiga millionlab dollar sarflanmoqda. Shahar meriga ko’ra, har oy poytaxtga 1000 dan ziyod yangi odam ko’chib keladi. Ammo yangi uy-joy qurilishi loyihalari kambag’allarni inobatga olmaydi.

Kambag’allar orasida Donnel Xarris, rafiqasi Stefani Villiyams va ikki farzandi ham bor. Mana bir yildirki, ularning yashashga joyi yo’q.

“Uyimiz bor edi. Lekin keyin men ishsiz qoldim. Qarzimiz ko’paydi. Ijara uchun to’lolmay qoldik. Uydan haydaldik. Ancha qiynaldik. Topgan pulim tunash uchun, qorinni to’yg’azish uchun ketadi. Katta qizimni maktabga ham berish kerak. Yugurganim yugurgan,” - deydi Donnel.

Kolubmiya okrugi qonunlariga ko’ra, qishda havo harorati nol darajadan pasaysa, shahar hokimiyati uysiz odamlarni boshpana bilan ta’minlashi shart. Eski kasalxona binosidagi “DC General” majmuasi uysiz oilalarga mo’ljallangan. Qish boshidayoq bu yer to’lib bo’lgan edi. Shahar hokimiyati motellarda yana 400 xonani ijaraga olishga majbur bo’ldi.

Xarrislar va ular kabi ko’plab boshqa oilalar davlat istirohat markazlarida joylashtirildi. Bir-biridan pardevor bilan ajratilgan joylarda tunashdi. Lekin boshpanani erta tongda tark etib, kechqurun u yerda qolish uchun yana soatlab navbatda turish kerak. Shunda ham faqat havo sovuganida. Yaqinda sud uysiz oilalarni bu yerga kiritmaslik haqida hukm chiqardi. Sabablar ko’p, ulardan biri – amaliyotning bolalar uchun zarari.

“Boshimga tushgan musibatlarni dushmanimga ham ravo ko’rmayman,” - deydi Donnel Xarris.

Petti Mullaxi Fujere Vashingtondagi uysiz odamlar huquqlarini himoya qiluvchi yuridik klinika rahbari. Masalani allaqachon ko’tarish va hal qilish kerak edi, deydi.

“Oilalar jar yoqasiga kelib qolgan. Ijara narxi shunchalik balandki, uni ko’tara olmaydiganlarning ko’payishi muqarrar. Endi esa bunday odamlarning ahvoli ancha og’ir”.

Vashingtondagi Moliyaviy siyosat instituti ma’lumotiga ko’ra, so’nggi 10 yilda shahar arzon narxda ijaraga beriladigan uylarning yarmini, narxi past uylarning 72 foizini yo’qotdi. Oilalar daromadidan ko’ra, uylar narxi tezroq o’sdi.

Shahar meri Vinsent Grey yo’qsil oilalarga mo’ljallangan uylar qurish uchun yana 100 million dollar ajratilishini bildirdi. O’tgan yili bu maqsadda 187 million dollar ajratilgan edi. 2020-yilgacha bu mablag’ evaziga 10 000 xonadon quriladi.

Ammo shahar kengashi a’zosi Jim Grem bundan ham jiddiyroq choralar ko’rilishi kerak, deydi. Uysizlar masalasi hal etilmasa, oqibati yanada og’irroq bo’ladi, deydi u.

“Nima eksang, shuni o’rasan. Biz hozir bolalar tarbiyasi va ta’limga aloqador muammolar, jinoyatchilik, qator boshqa muammolarni ekmoqdamiz,” - deydi u.

Ijtimoiy xizmatlar vazirligining Vashington bo’limi “Amerika Ovozi”ning mavzuga izoh berish iltimosini hozircha qondirmadi.

Donnel Xarris va uning oilasiga qaytsak, havo isib ular endi boshpanaga haqqini ham yo’qotdi. Bahor kelishi bilan bu oila uchun yana qiyinchiliklar boshlandi.

“Kunimizni zo’rg’a ko’ramiz. Har kuni qandaydir muammo. Har kunning pulini o’ylash kerak. Ertaga pul bo’lmasa, nima qilamiz, hayronman. Odam gangib qoldi. Qiyin,” - deydi Stefani.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG