Uysizlar uchun mobil hammom

  • Amerika Ovozi

Kaliforniya shtatining San-Fransisko shahrida bir avtobus haftasiga uch marta g’ayrioddiy xizmatlar ko’rsatadi. Uysiz odamlar unga kirib, cho’milib chiqishi mumkin. Mobil dushxonalarni yo’lga qo’ygan bir xayriya tashkiloti.

Ko’chada yashaydigan odam uchun ozodalik, hammomga borish eng katta ehtiyojlardan. “Lava Mey” tashkiloti ularga haftasiga uch marta ana shunday imkoniyat yaratib bermoqda.

Martin Rodrigezning bor mol-mulki bir aravachaga sig’adi. Bugun u yuvinishga keldi.

“Uy-joy uchun navbat kutyapman. Hozircha ko’chada yashashga majburman. Ko’k avtobusda dushga tushib chiqaman. Juda yaxshi xizmat,” - deydi u.

Eski avtobusni dushga aylantirish uchun internet orqali 75 ming dollar mablag’ to’plandi. Google internet kompaniyasi yana 100 ming dollar ajratdi.

“Lava Mey” xodimi Li Filler San-Fransiskodan boshqa hech yerda bunday xizmat yo’q, deydi.

“Eski avtobuslarni dush bilan jihozlash yangi bir g’oya. Bunga bizdan boshqa hech kim qo’l urgani yo’q hali. Mahalliy hukumat, nodavlat tashkilotlari va xususiy sektor bilan hamkorlikda ishlayapmiz”.

Mobil hammomni toza-saranjom tutish ko’ngillilar bo’ynida. Ulardan biri Liza Olsving uch oydan beri shu ish bilan shug’ullanadi.

“Ishim menga zavq bag’ishlaydi. Odamlar ko’chada yashayotganini, bunday xizmatga muhtoj ekanini ko’rib, jonim achiydi,” - deydi u.

Jastin Van Xorn ismli uysiz yigit dushga tushib chiqsam, o’zimni pok va yengil sezaman, deydi.

“Yuvinib-taranish, badbo’y hidlardan qutulish yaxshi-da”.

“Lava Mey” tashkiloti asoschisi Donis Sandovalga ko’ra, boshpanasiz odamlarga bepul ovqat beradigan joylar kam emas, lekin sanitariya inshootlari yo’q hisob. Bir uysiz ayolning shikoyatlari loyihaga turtki bergan. Avtobus haqida eshitib, undan foydalanishni istaganlar ham ko’paymoqda.

“Bizning mahallada ham shunday xizmat boshlashda yordam bering, deb ko’plar murojaat qilishyapti menga. Hatto Mongoliya va Ganadan, Kaliforniyaning boshqa shaharlaridan takliflar keldi. Albatta, loyihani kengaytirish yo’llarini izlayapmiz,” - deydi Sandoval.

Yaqin kunlarda San-Fransiskoning o’zida dushxonaga aylantirilgan yana uchta avtobus ishga tushishi rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG