AQShda qo'lbola qurol targ'iboti kuchaygan

  • Amerika Ovozi

AQSh qonunchilari qurol-yarog’ savdosi va undan foydalanishni cheklash yo’llarini izlamoqda. Texnologiya taraqqiy etgan sari bu vazifa yanada qiyinlashmoqda. Masalan, so’nggi yillarda maxsus “3-D” printerlari yordamida qattiq plastmassadan qurolning istalgan qismini yasash imkoni paydo bo’ldi. Texas shtatida mana shunday quroldan foydalanishni targ’ib qilayotganlar ham bor.

Kodi Vilson har bir fuqaro mana bunday yarim avtomat qurolga ega bo’la olishi kerak, deydi:

“Men uchun bu radikal tenglik degani. Huquq-tartibot organlari va armiya nimaga egalik qilsa, fuqarolarga ham shunga egalik qilish huquqi berilishi kerak. Bu shaxs suverenitetining bir ko’rinishi”, - deydi u.

O’ziga anarxist deya baho beradigan Vilson internetdan topilgan suratlar yordamida o’ziga qurol yasab olganini aytadi:

“Agar qurol suratda to’g’ri tasvirlangan bo’lsa, uni maxsus printer orqali yasab olish juda oson”, - deydi u.

Qonunchilar qurollarni cheklash payida. Vilson kabilar esa o’ziga qurol yasab olmoqda.

“Ular magazinida o’nta o’q bo’lgan qurolni taqiqlamoqchi. Nyu-York shtatida cheklov - yettita o’q. Menikidek qurol yasasangiz, hech qanday qonun uni man etolmaydi”, - deydi Vilson.

Biroq bunday qo’lbola miltiq ishlashi uchun oqdoni va tanasini metaldan yasamasa bo’lmaydi. Federal qonunlarga ko’ra, uni yasash mumkin, lekin sotish man etilgan.

Xavfsizlik masalalari bo’yicha ekspert Fred Berton printer yordamida yasaladigan qurol hozircha jiddiy tahdid emas, deydi.

“Yuz foiz plastmassa bo’lgan va otadigan qurolni yasash nihoyatda mushkul. Chunki o’q chiqayotgan paytda plastmassa yorilib ketishi mumkin”, - deydi u.

Biroq huquq-tartibot organlari uchun ular boshog’riq bo’ladi, deydi Berton:

“Bunday qurollarning ishga yarashi qiyin, lekin qonunlarni chetlab o’tish uchun ulardan foydalanishlari mumkin”, - deydi u.

Texas universiteti professori Senford Levinson ham shundan xavotirda.

“Bunday qurollarni qonunan taqiqlash mumkinmi yoki yo’qmi?” – deya so’raydi u.

Qonunchilar bunday qurollarni taqiqlashga harakat qilishi kerak, chunki hukumatning eng asosiy vazifalaridan biri – fuqarolar xavfsizligini ta’minlashdir, deydi olim.

So’rovlarga ko’ra, hukumatdan o’zimizni himoya qilish uchun qurolga muhtojmiz, deya fikrlaydigan amerikaliklar juda kam. Qurol sohiblarining aksariyati ham cheklovlar kiritish tarafdori.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG