Xyuston - Amerikaning eng tez rivojlanayotgan shaharlaridan biri

  • Amerika Ovozi

Xyustondagi eng katta bosh og’riq - tirband ko’chalar

Xyustondagi eng katta bosh og’riq - tirband ko’chalar

Texas shtatining Xyuston shahri Amerikaning eng tez rivojlanayotgan shaharlaridan biridir. Aholi urbanizatsiya tarafdori. Obodonlashtirish va qulayliklar yaratish, jamoatchilik nazarida, eng asosiy vazifalardir.

Ommaviy so’rovlarda odamlar Xyustondagi eng katta bosh og’riq - tirband ko’chalar, deb noligan. Shahardan bitta temir yo’li o’tgan, avtobuslar qatnovi yaxshi emas, deya e’tirof etadi shahar ma’muriyati. Aksariyat odamlar mashinada yuradi.

Shahar ahlining katta qismi yoshlardan iborat.

O’zini Navret deb tanishtirgan amerikalik fikricha jamoat transportini yaxshilash kerak.

“Hech bo’lmasa shahar markazida transportni yaxshilamasa bo’lmaydi, chunki yoshlar asosan shu yerda yashaydi. Buning iloji bor”.

Ammo shahar tevaragida yashaydiganlar mablag’ni yo’llarni yaxshilashga sarflash kerak deydi.

“Houston Survey” ijtimoiy so’rovlar markazi rahbari Stiven Klaynbergga ko’ra, shahar asta-sekin o’zgarmoqda.

“Xyustondagi o’zgarishlarni kuzatish nihoyatda maroqli. Masalan, jamoatchilik talablariga binoan piyoda yurish uchun yo’laklar qurildi. Odamlarimizning yarmi shahar tevaragida yashaydi va mashinalar uchun yo’l kerak, deydi. Qolgan yarmi esa shaharda piyoda yurish mumkin joylar zarur, degan fikrda”.

Xyustonda jiddiy demografik o’zgarishlar kuzatilmoqda. Klaynbergning aytishicha, bunga sabab – ish joylarining ko’paygani. Oqibatda AQShning boshqa shtatlari va hatto boshqa mamlakatlardan odamlar bu yerda ko’chib kelmoqda.

“Amerikadagi demografik va iqtisodiy o’zgarishlarni ko’rmoqchi bo’lsangiz, Xyuston shahri ularga yaqqol misol,” - deydi Klaynberg.

So’nggi statistik ma’lumotlarga ko’ra, AQSh bo’ylab eng yuqori o’sish ko’rsatkichi ham aynan Xyustonga o’xshagan shaharlarda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG