AQSh: O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq ahvol hamon og'ir

  • Amerika Ovozi

AQSh inson huquqlari bo'yicha chiqargan yangi hisobotda Kuba, Eron, Myanma, Rossiya va Vyetnam kabi bir qator mamlakatlarda holat yomonlashgani tilga olinadi. Xususan, O'zbekistonda ham vaziyat yaxshilanmagan, deya qayd etilgan.

25-iyun kuni e’lon qilingan hisobot Eron bilan yadro dastrurining yangi bosqichi boshlanishidan bir necha kun avval va Vashington hamda Gavana o’rtasida elchixonalar qayta ochilishi kutilayotgan bir paytda taqdim etildi.

AQSh Davlat departamentining bu tahlilnomasiga ko'ra, Eron, Kuba va Rossiya kabi ko’plab mamlakatlarda 2014-yil davomida fuqarolarning asosiy huquqlari qattiq toptalgan.

O’zbekistonda eng keng yoyilgan holat sifatida xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olingan yoki so’roq qilingan shaxslarning qiynoqqa tutilishi keltiriladi.

Shuningdek, ayblanuvchilarning adolatli tergov va sudlov imkoniyatiga ega emasligi, fuqarolarning saylov yo’li bilan hukumatni o’zgartirish imkoniyatidan mahrumligi, diniy erkinlikning cheklangani hamda turli e’tiqoddagi dindorlarning davomiy tazyiqqa duchor qilinishi asosiy muammolar qatorida sanalgan.

Uzoq muddat hibsda saqlash, qamoqxonalardagi og’ir va hatto hayot uchun xavfli sharoitlar, majburiy qamoqqa olish, so’z va matbuot erkinligining cheklanishi, fuqarolarga yig’ilish va assotsiatsiyalar tuzish huquqining berilmasligi, fuqarolik jamiyati faoliyatining nazorat ostiga olingani, ayollarga qarshi zo’ravonlik, erkin harakatlanish huquqining cheklangani hamda majburiy mehnat kabi huquqbuzarliklar 2014-yilda ham davom etgan.

Yil bo'yi huquq-tartibot idoralari faollar, jurnalistlar va boshqa tanqidchilarni va ularning oila a’zolarini kuch ishlatish, hibsga olish va siyosiy motiv asosida sudga tortish kabi yo’llar bilan tazyiq ostida tutgan.

Mansabdorlarning qilmishlari uchun javobgarlikka tortilmasligi, korrupsiyaning keng yoyilgani ham doimiy illatlardan ekani aytilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG