Breaking News

Inson huquqlari har bir jamiyatda nozik masala


BMT qarorgohi, Nyu-York
BMT qarorgohi, Nyu-York

Umumjahon Inson Huquqlari Deklaratsiyasi qabul qilinganiga shu kunlarda 62 yil to'ldi. Hujjat Birlashgan Millatlar Tashkiloti vujudga kelganidan 3 yil o'tib, xalqaro hamjamiyat tomonidan tuzilgan edi.

Lekin bugunga kelib sayyora ahli o'z huquqlarini anglab yetgan va qonunga har yerda amal qilinadi deya olmaymiz.

Ayrim siyosatdonlar va sotsiologlar qonun-qoida borki buziladi, huquqni global miqyosda ta'minlash mumkin emas deydi.

"Ozodlik Uyi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro tashkilot jahon bo'ylab erkinlik darajasini o'lchab keladi.

Unga ko'ra, 89 mamlakatda qonun ustuvor deya olamiz. Masalan, G'arbiy Yevropa va Shimoliy Amerikadagi jamiyatlarda. Ya'ni dunyo aholisining 46 foizi huquqiy jihatdan boshqalarga qaraganda yaxshiroq kun kechiradi.

47 davlatda esa ahvol ayanchli. Bu jamiyatlar aholisi jami 2,3 milliardni, sayyora ahlining qariyb uchdan birini tashkil etadi. Masalan Afrika, arab davlatlari, Osiyo, jumladan Markaziy Osiyodagi barcha jamiyatlar.

Yuqorida Shimoliy Amerikani tilga oldik. Mutaxassislar Qo'shma Shtatlarni maqtashga shoshmaydi. Bu davlat ham qonunbuzar tizimlar safida.

Jon Bolton, AQShning BMTdagi sobiq elchisi, "Huquq borasida jahonda bizchalik qayg’uradigan mamlakat yo’q",- deydi.

"Tarixan shunday bo’lib kelgan. Huquq himoyasi tashqi siyosatning ajralmas qismi".

Xadar Xarris, huquqshunos
Xadar Xarris, huquqshunos

Har bir davlatning o’z kamchiliklari bor, deydi professor Xadar Xarris, Amerika Universitetida inson huquqlari va gumanitar qonunchilik markazi rahbari.

Uning fikricha, AQShni bu sohada boshqalardan ustun qo’yib bo’lmaydi.

Misol uchun, Guantanamo qamog’ini yopishga qachon qaror qilingan edi? Mahbuslar esa haliyam o’sha yerda.

"Guantanamoda odamlar, bilasiz, terrorizm gumoni bilan saqlanmoqda. Lekin ularga rasman ayb qo’yilmagan, tashqi dunyodan uzib qo’yilgan ular. Prezident Obama qamoqxonani yopishga va’da berganmi, buning ustidan chiqishi lozim. Amerikadagi huquq faollari, qolaversa xalqaro hamjamiyat buni eslatib turadi unga. Mahbuslarning ham haq-huquqi bor. Aybdor bo’lsa qonun oldida javob bersin, aybsiz bo’lsa qo’yib yuboring",- deydi u.

Jon Bolton, AQShning BMTdagi sobiq elchisi
Jon Bolton, AQShning BMTdagi sobiq elchisi

Lekin Jon Boltonning ta’kidlashicha, terrorist va urush asirlarining joyi o’zi -qamoqxona.

"Jeneva Konvensiyasida bitilgan qoidalar davlatlar orasida qo’llanadi xolos. Terrorchi guruhlarga taalluqli emas. Konvensiyada aytilganki, mojaro davomida asirlarni ushlab turish mumkin. Terrorga qarshi kurash davom etyapti. Bu ishga qo’l urgan jinoyatchilar bizga qarshi kurashayaptimi, demak umri Guantanamoda o’tadi. Bu ularning muammosi",- deydi Bolton.

Professor Xadar Xarris Amerikada o’lim jazosiga ham qarshi.

"O’lim jazosi hozir 58 mamlakatda qo’llanayotgan bo’lsa, AQSh shulardan biri. Bekor qilish kerak, vassalom".

Nohukumat tashkilotlar hisobicha, Amerikada odam o’ldirganlik aybi 2010 yilda 40 dan ziyod fuqaro qatl etilgan.

Maykl Paranzino oliy jazoni bekor qilmaslikka chaqirayotgan guruh vakili. Qotillik kabi og’ir jinoyatlar, uning nazarida, shunday hukmga loyiq. Jabrlangan oilalar taskin topadi.

Nohukumat tashkilotlar hisobicha, Amerikada odam o’ldirganlik aybi 2010 yilda 40 dan ziyod fuqaro qatl etilgan.
Nohukumat tashkilotlar hisobicha, Amerikada odam o’ldirganlik aybi 2010 yilda 40 dan ziyod fuqaro qatl etilgan.

"Jigarbandidan ayrilgan oilalardan bir so’rang. Ular uchun - adolat qaror topishining yagona yo’li shu",- deydi u.

Qo’shma Shtatlar qator xalqaro kelishuvlarga amal qilmaydi. Xotin-qizlarga nisbatan diskriminatsiyani bartaraf etish bo’yicha konvensiyani ko’p davlatlar tasdiqlagan. Lekin AQSh Senati uni hamon ratifikatsiya qilmagan.

Yana bir misol - bolalar huquqi bo’yicha xalqaro konvensiya. BMT a’zolari orasida AQSh va Somali uni ratifikatsiya qilmagan.

Jon Bolton bunga javoban, "Ayollar va bolalarni himoya qiluvchi qonunlar o’zimizda bor",- deydi.

"AQSh hukumati bu masalada o’z qarash va pozitsiyasiga ega. Xalqaro hamjamiyat bizga ko’rsatma berishi shart emas".

Sobiq diplomat fikricha, tanqidchilar Qo’shma Shtatlar kabi erkin jamiyatlar emas, balki Eron va Xitoy kabi repressiv davlatlar bilan shug’ullangani ma’qul.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG