AQSh Suriya va Shimoliy Koreyada huquqni nazorat etishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibining o'rinbosari Entoni Blinken

AQSh davlat kotibining o'rinbosari Entoni Blinken

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriyada harbiy jinoyatlarga qo'l urgan odamlarni javobgarlikka tortishga chaqirmoqda. Qo'shma Shtatlar bu da'vatni qo'llab-quvvatlamoqda.

AQSh davlat kotibining o'rinbosari Entoni Blinken Suriyada inson huquqlarining ommaviy ravishda buzilayotganini qoralamoqda. Unga ko'ra, insoniyatga qarshi jinoyatlarni tergov qilib, aybdorlarni jazolash lozim. AQSh va Rossiyaning qo'shma harakatlari tufayli Suriyada sulhga erishildi, nisbatan tinchlik qaror topdi, mojaroga siyosiy yechim qidirilmoqda.

Blinkenning aytishicha, ikki yirik davlat sulhning amal qilinishini nazorat etmoqda. Maxsus kuzatuv guruhi a'zolari zo'ravonliklar, hujumlar pasayganini tasdiqlamoqda. Sulhdan foydalanib, oylab oziq-ovqat, dori-darmonsiz yashagan minglab muhtoj odamlarga yordam yetkazilmoqda.

“Qamaldagi hududlarda yashayotgan odamlarni ham yordam bilan ta'minlashimiz zarur. Suriyada fuqarolar urushiga, vahshiyliklarga, zulmga barham berish uchun muzokaralar yordamida siyosiy jarayonni boshlashga poydevor yaratilmoqda", - deydi AQSh rasmiysi.

Blinken Shimoliy Koreyada inson huquqlari masalasiga ham to'xtaldi. Pxenyan BMT Inson huquqlari kengashida bu mavzudagi majlislarda qatnashmasligini aytib o'tgan. Blinken Shimoliy Koreyaning bu qarorini tanqid qilarkan, mamlakatda inson huquqlarining muntazam ravishda buzilishiga ko'z yummaslikka chaqiradi.

“Bu 21-asrda yadro qurolini sinagan yagona davlatdir. Shimoliy Koreya o'z xalqi farovonligi hisobiga BMT taqiqlagan dasturlarni rivojlantirishga intilmoqda. Bu yo'ldan adashgan davlat. Shimoliy Koreya xalqi bunday hayotga loyiq emas", - deydi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda AQSh davlat kotibining o'rinbosari.

Pxenyan o'z navbatida AQShni irqchilikda ayblab, har yili qurol bilan bog'liq zo'ravonliklardan Amerikada 13 mingdan ziyod odam nobud bo'lishini aytadi.

Blinkenning aytishicha, Shimoliy Koreyadan farqli o'laroq, AQShda muammolar ochiq-oydin muhokama etiladi, matbuotda yoritiladi, hal qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG