Amerikada inson savdosiga qarshi kampaniya avjida

  • Amerika Ovozi

Inson savdosining asosiy qismi xotin-qizlarni fohishalikka majburlash bilan bog'liq

Inson savdosining asosiy qismi xotin-qizlarni fohishalikka majburlash bilan bog'liq

Zamonaviy qullar va quldorlar… XXI asrda insoniyat yuzlashayotgan eng muhim muammolardan biri - uning tarixi bilan chambarchas bog’liq bir masala. Har yili dunyo bo’ylab bir millionga yaqin kishi qul qilib pullanadi.

AQShda odam savdosiga qarshi kurashayotgan idoralarning bildirishicha, o’tgan bir yil ichida bunday jinoyat hollari 30 foizga oshgan. Qariyb 800 ming odam haqida gap ketmoqda.

Mana bu tasvirga qarab, inson necha yoshda bo’lishidan qat’iy nazar qora ishlarga majburlanishi mumkin ekan degan xulosaga kelasiz.

Qabih jinoyatlar... Inson nahotki bugun ham boshqa bir insonni qul qilishi mumkin?

Alan Bershin, AQSh Chegara va Boj idorasi xodimi, “Zangori kampaniya” degan tadbirga boshchilik qilmoqda. Maqsad odam savdosi tagiga yetish, uni yo’q qilish.

Aeroportlar, dengiz portlari, temiryo’l vokzallari va chegara punktlarida nazoratni, xodimlar ziyrakligini oshirish. Odam tashiydigan guruhlarni aniqlash, jinoyatchilar to’riga ilingan odamlarni ko’z ostiga olib, darhol chora ko’rish. Murakkab vazifalar.

“Mamlakatga kirar ekan, bu shaxslar qul sifatida olib kelinayotganini hali bilmaydi. Nega kelayapsan deb so’rasang, javob yo’q. Puli yo’q, til bilmaydi”,- deydi Bershin.

Federal tayyorlov markazida boj va immigratsiya xodimlari maxsus kurslardan o’tmoqda. Inson savdosi jabrdiydalarini aniqlash oson emas, deydi mutaxassislar, ular ko’p hollarda oddiy ishchilardek ko’rinadi, dardini aytmaydi.

Alisa Xill, AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi rasmiysi.

“Muammoni yaqindan o’rganib chiqqanimizda shuni angladikki, chegaralarda o’tirgan xodimlar odam savdosi haqida, uni kim tebratayotgani, jabrlanuvchilar xususida yaxshi bilmaydi”,- deydi u.

Masalan, politsiya fohishaxonalarni tintuv qilganida, u yerda kim majburan, kim o’z xohishi bilan ishlayotganini aniqlashi kerak. Qul qilib sotilgan xotin-qizlar ko’p hollarda shunday joylarda.

Debra Sanders bu ayollar huquqi uchun kurashmoqda.

“Politsiya ularni fohishalikda ayblab olib ketadi… Ular sudlanadi… Aslida bu ayollar jinoyatchi emas, ular kimningdir qullari. Kimlardir ularni ishlatib, topilgan pul huzurini ko’rmoqda. Bu ayollar yordamga muhtoj”,- deydi u.

Turli tillarda ishlaydigan xavfsizlik programmalari ishga solinmoqda. Ular yaqin kelajakda xalqaro maydonda ham qo’llaniladi.

Jon Morton, yana bir rasmiy, e’tiborni inson savdosiga yetaklaydigan sabablarga qaratish kerak, deydi.

“Muammo kaliti odamlarni bunday qora ishlardan uzoqda saqlashda. Bu global muammo. Boshqa davlatlar bilan ishlash kerak, toki odamlar pullanmasin”.

Avvalo, jamoatchilik odam savdosi haqida bilishi kerak.

Amerika bo’ylab hozir 16 tilda targ’ibot ishlari olib borilmoqda, matbuot bilan hamkorlikda.

AQSh eng ko’p migrant keladigan davlatlar bilan bu borada ishlay boshlagan. Kampaniyaga axborot vositalari jalb qilinmoqda.

Inson savdosini tebratuvchi jinoyatchi tizimlar albatta fosh etiladi, deydi rasmiylar.

Reklamalarda jinoyatchilarga qarata yangrayotgan murojaat esa quyidagicha:

"Biz sizni topamiz. Qamoqqa olamiz. Sudlaymiz va qo’lingizdagi odamlarni ozod qilamiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG