Xyuston shahrida odam savdosiga qarshi kurash

  • Amerika Ovozi

Dunyo bo’ylab muhojirlarni ekspluatatsiyaga, xotin-qizlarni fohishalikka majburlovchi guruhlarga qarshi kurash olib borilmoqda. Adliya vazirligiga ko’ra, AQShda jinoyatchilar to’riga ilingan har to’rt ayoldan biri Texas shtatining Xyuston shahridan olib o’tiladi. Ularning aksariyati Osiyo va Lotin Amerikasidan, ammo orasida AQSh fuqarolari ham bor.

Bu yer bir vaqtlar pulga seks taklif etiladigan joy edi. Jinsiy qullikka mahkum etilgan ayollar ishlagan.

Qullik aksar amerikaliklar o’ylaganidek o’tmishda qolgan emas, bu zamonaviy fenomen, deydi rasmiylar.

Prokuror muovini Ed Gallagerga ko’ra, Xyuston - odam savdosi markaziga aylangan.

“Qullikning zamonaviy ko’rinishi hanuz uchraydi,” - deydi u.

Nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda Gallager fohishaxonalarda qo’lga tushgan ayollarga yordam beradi.

“Yordamga muhtojlar ko’p. Ular bu mamlakatga umuman boshqa maqsadda kelib, tuzoqqa ilingan,” - deydi Gallager.

AQSh fuqarosi Sheril Briggs prokuratura bilan hamkorlik qiladi. U 13 yoshida uyidan qochib ketgan, fohishalikka majburlangan.

“Jabrlanuvchi ekanimni o’zim ham bilmaganman. 1970-yillarda yomon so’zlar bilan tasvirlashardi bizni,” - deydi u.

Boshiga tushgan musibatlarni Briggs unutgani yo’q. Bugun boshqalarga yordam beryapti.

“Boshimdan o’tganlarini aytib berib, ularning ham dardiga quloq tutaman,” - deydi u.

Mana bu binodagi massaj saloni aslida fohishaxona bo’lgan. Bugun esa odam savdosiga qarshi kurashuvchi nasroniy tashkilot qarorgohi.

Samanta Ernandez jinsiy xizmat ko’rsatilgan xonalarni zamonaviy qullik muzeyiga aylantirmoqda.

“Maqsad - odamlarning vijdonini uyg’otish, bunday qorong’i joylarda qanday illatlar yashiringanini ko’rsatish,” - deydi u.

Ba’zida fohishalar yordamni rad etadi. Sabab - yillab davom etgan tazyiq va ta’qiblar, deydi Ernandez.

“Shuncha jismoniy va ruhiy ezilishlar oqibatida odam hamma narsaga befarq bo’lib qoladi, xuddi zombidek”.

Sheril Briggs buni yaxshi eslaydi. “Qarshilik ko’rsatsam o’zimga jabr bo’lishini boshidan tushunganman,” - deydi u.

Sheril jinoyatchilar qo’lidan qochib qutulgan. Qadr-qimmatini yo’qotganlarni tushunadi.

“Boshimizga tushgan mushtarak fojea bu. Dardni birgalikda yengish mumkin”.

O’z faoliyati orqali Briggs fohishalik qurbonsiz jinoyat degan qarashni o’zgartirmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG