AQSh odam savdosiga qarshi choralarni kuchaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

Odam savdosidan aziyat chekmaydigan jamiyat yo'q

Odam savdosidan aziyat chekmaydigan jamiyat yo'q

Odam savdosi jahon bo'ylab eng daromadli biznes turlaridan biri. Jinoyatchilar yiliga 150 milliard dollar sof foyda oladi.

Federal qidiruv byurosi ma’lumotlariga ko’ra, bolalarni jinsiy xizmatlar sohasida ishlatishga qaratilgan biznes yiliga 9,5 milliard dollar foyda beradi.

Ayrim manbalarga ko’ra, bu sohaga har yili 300 ming bola jalb etiladi.

Ammo bu muammo haqida jamiyatda yetarlicha gapirilmaydi, deydi o’zi yoshligida jinsiy xizmat ko’rsatishga majburlangan Tina Frandt.

"Muammo shundoqqina ko’z oldimizda yuz bersa-da, uni sezmaymiz, boshqa nom bilan ataymiz. Masalan, AQSh fuqarolari jalb etilganida uni fohishalik deb ataymiz, xorijliklar ishtirokida aynan shu ish qilinsa, odamning jinsiy maqsadda olib-sotilishi haqida gapiramiz. Yagona til, ayni iboralar qo’llanilishi kerak”, - deydi u.

Frandt Vashingtonda "Kortni uyi" deb nomlangan nodavlat tashkilotiga asos soldi. Maqsad - qiz va o’g’il bolalarni jinsiy savdodan qutqarish.

Odam savdosining ko’rinishlaridan yana biri - majburiy mehnat. Uillyam Bell Alabama shtatining Birmingem shahrida mer bo’lib ishlaganida bu muammoga duch kelganini aytadi:

“Politsiya bir kuni ko’p qavatli binoga reyd uyushtirdi. Aniqlanishicha, u binoda to’rt xonali bir xonadonda 25 odam tikuvchilik bilan shug’ullanar ekan. Oddiy odamlar yashaydigan binoda bunday noqonuniy amaliyotga duch kelamiz, deb hech o’ylamagandik”.

Bell hozirda AQShdagi “Human Rights First” inson huquqlari tashkilotining tezkor guruhi a’zosi bo'lib xizmat qilmoqda. Yaqinda tashkilot odam savdosiga qarshi strategiya ishlab chiqish maqsadida Vashingtonda uchrashuv o’tkazdi.

Tezkor guruh raisdoshi - iste’fodagi general Chak Krulak, dengiz pexotasida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan. Uning aytishicha, odam savdosi bilan shug’ullanadigan ko’plab jinoyatchilar jazolanmaydi. Ammo vaziyat o’zgarishiga ishonaman, deydi general.

Shu hafta Vakillar palatasi odam savdosiga qarshi o’ndan ziyod qonun qabul qildi. Qonunlar muammoning turli jihatlariga qarshi kurashni koz’laydi. Masalan, jinsiy tajovuz yoki voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilish va shunga o’xshash jinoyatlar sodir etgan va jazo o’tagan fuqarolarning bundan buyon safar qilish imkonlari cheklanadi; qurbonlarning tibbiy va ruhiy davolanish imkonlari kengaytiriladi; jinsiy xizmat ko’rsatishni ko’zda tutadigan reklama uchun ham jazo choralari ko’zda tutilgan.

Endi bu qonunlar Senat tasdig'idan o’tishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG