AQShning inson savdosiga oid hisoboti keskin tanqid ostida

  • Amerika Ovozi

O'tgan hafta chiqarilgan hisobot elakdan o'tkazilmoqda

O'tgan hafta chiqarilgan hisobot elakdan o'tkazilmoqda

AQSh Davlat departamenti inson savdosiga oid yillik hisobotini to’g’ri deya himoya qilmoqda. Yuqori martabali diplomatlar strategik ahamiyatga ega reytingini atayin oshirgan, degan da'volar bor.

Davlat departamenti so’zlovchisi Mark Toner hujjat “xolis va ishonchli” deydi.

“Maqsadimiz - zamonaviy qullik bo’lmish odam savdosia qarshi kurashda mamlakatlarga yordam berish. Bu aniq va oddiy maqsad bo’lib, xulosalarimiz haqiqatga asoslangan. Bu reytinglar juda muhim. Butun dunyo ularni o’rganishi, ularga tayanishini yaxshi tushunamiz. Reytingni tuzish jarayoni ishonchli ekanini kafolatlaymiz”, - dedi rasmiy.

Davlat departamentidagi mashmasha

O’tgan hafta e’lon qilingan hisobotda 188 mamlakatning inson savdosiga qarshi kurashdagi roli baholanadi. Hujjatga ko’ra, eng asosiy mezonlarga javob bermaydigan 23 davlat, shu jumladan Eron, Suriya, Rossiya va Shimoliy Koreya 3-pog’onaga qo'yilgan.

Biroq "Reyter" axborot agentligiga ko’ra, Davlat departamentining mustaqil ravishda aniqlangan reytinglaridan norozi bo’lgan yuqori martabali diplomatlar bosim o’tkazib, 14 mamlakat bahosini o’zgartirishga undagan. Bunday o’lkalar orasida Malayziya, Kuba, Xitoy, Hindiston, O’zbekiston va Meksika bor. Ularga aslida pastroq baho berilishi kerak edi, deydi "Reyter" bilan gaplashgan mutassaddilar.

AQSh 50 yillik tanaffus ketidan Kuba bilan aloqalarni qayta tiklamoqda. Vashington Malayziyani Tinch okeani mintaqasi erkin savdo kelishuviga kiritdi. Bu yilgi hisobotda bu ikki mamlakat qora ro’yxatdan inson huquqlari vaziyati kuzatib borilayotgan o’lkalar ro’yxatiga o’tkazilgan, ya'ni bu jamiyatlardagi holat ijobiyroq baholangan.

Demokrat senator Bob Mendez “Twitter” ijtimoiy tarmog’idagi sahifasida hisobot atrofidagi xabarlar tashvishlanarli deb, agar iddaolar asosli bo’lsa masalani Senat yig’inida obdon o’rganish kerak, deya ta’kidladi.

"Xavfli pretsedent"

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vogar senator Marko Rubio:

"Prezident Obama Kuba va Malayziya kabi inson huquqlarini ko’p yillardan beri poymol qilib keladigan mamlakatlar foydasini ko’zlagan holda odam savdosiga oid hisobotni o’zgartirishga ruxsat etib, sharmanda bo’ldi”, - dedi Rubio.

Florida shtatining sobiq gubernatori, respublikachi Jeb Bush:

"Obama ma'muriyati va Davlat departamenti Kubadagi odam savdosiga oid ahvolni siyosiy maqsadlarda yaxshiroq qilib ko’rsatganidan uyalishi kerak”.

Menendez va Rubio - Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zolari. Payshanba kuni qo’mita Davlat departamenti muovini Sara Syuallni reyting bo’yicha so’roqqa tutadi.

“12 yil davomida 3-pog’onada bo’lib kelgan Kuba reytingi diplomatik aloqalar tiklanganidan ko’p o’tmay darhol o’zgargani qiziq hol, - deydi Garvard universitetidan siyosatshunos Siddart Kara. - O’tgan yili 3-pog’onada bo’lgan Malayziya ham Prezident Obama Tinch okeani mintaqasiga oid dasturni e'lon qilganidan keyin bir pog’onaga ko’tarildi”.

O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan "Paxta kampaniyasi", xalqaro koalitsiya, nazarida respublikada vaziyat nihoyatda og'ir va hukumatni 3-pog'onadan 2-pog'onaga ko'tarish vijdondan emas. Bu O'zbekiston paxta dalalarida yuzlab ming odamlar zo'rlab ishlatilishiga ko'z yumishdir, deya tanqid qiladi koalitsiya. Inson huquqlari tashkilotlari, jumladan "Human Rights Watch" Vashingtonni O'zbekiston bilan Afg'oniston bobida hamkorlik sabab unga nisbatan yumshoqroq siyosat yuritayotganlikda ayblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG