Amerikadan yiliga 400 ming noqonuniy muhojir deportatsiya qilinmoqda

  • Amerika Ovozi

Immigratsiya Amerikada eng nozik va shov-shuvli masalalardan biri, ayniqsa saylovlar arafasida. Bu mamlakatga noqonuniy ravishda kirib, hujjatsiz yashab yurgan millionlab muhojir bor.

Ularni deportatsiya qilgan ma’qulmi yoki fuqarolikka yo’l ochish kerakmi? Amerikada tug’ilgan farzandlariga nima bo’ladi?

Mudassar Xon Pokistondan Amerikaga ko’chib kelganida o’smir edi. Hozir Nyu-Yorkda o’zining elektron mahsulotlar do’koni bor. Ota-onasi immigratsion qog’ozlarini 12 yil kutgan. Lekin noqonuniy kelayotganlarni ham tushunaman, deydi u.

“Ilojsizlik, imkoniyatsizlik tufayli inson nimalarga qo’l urmaydi deysiz…”

Mudassar Xonning do’koni joylashgan mahallada janubiy osiyoliklar bir jamoa bo’lib yashaydi. Noqonuniy immigratsiyaga ular muammo deb qaramaydi.

“Ularga hujjat yoki fuqarolik berilsa, nazarimda, boshqalarga nisbatan adolatdan bo’lmaydi. Boshqa bir yo’lini qidirib topish kerak”, - deydi do’kon egasi.

Adolatli yechimni hamma o’zicha tushunadi. Ayrimlar nazarida hujjatsiz muhojirlar qonunni buzgani uchun deportatsiya qilinishi shart. Filipin-amerikalik advokat J.T. Mallonga o’zgacha fikrda.

“12 million muhojirni qanday deportatsiya qilasiz yoki qamaysiz? Hozirgacha bu insonlarga statusini tuzatib olish uchun yo’l ko’rsata olganimiz yo’q”, - deydi u.

AQSh Senatida hozir “Orzu” deb nomlangan qonun loyihasi muhokamada. Ovozdan o’tsa, maktabni tamomlagan va armiyada xizmat qilgan muhojirlarga fuqarolikka yo’l ochishi mumkin. Prezidentlikka respublikachi nomzod Mitt Romni bu taklifga qarshi.

“Bu yurtga odamlar qonuniy tarzda kelsin deyman. Saylansam, chegarada devor quramiz. Chegarachilar sonini oshiramiz. Hujjatsiz muhojirni ishga olgan kompaniyalar katta jarima to’laydi”, - deydi Romni.

Barak Obama prezidentlikka kelganidan beri AQShdan har yili 400 ming noqonuniy muhojir deportatsiya qilinmoqda. Rekord ko’rsatkich. Lekin tadqiqotlardan bilamizki, so’nggi payt Meksikadan immigrantlar oqimi ham kamaygan. Prezident saylovlari arafasida immigratsiya yana bosh mavzu, lekin Mudassar Xon katta o’zgarish bo’lishiga ishonmaydi.

“Har bir saylovda shu haqda gapirishadi, va’dalar berishadi. Amalda esa ko’p narsa o’zgargani yo’q. Siyosatchilar ovoz to’plash g’amida. Bu safar ham shunday bo’ladi, nazarimda. Saylov o’tadi, immigratsiya muammolari qolib ketadi”.

Qayd etish joiz, immigratsiya prezident saylovlari natijasini hal qiladigan masala emas. Masalan, Nyu-Yorkda yashovchi qonuniy muhojirlar Obamaga ovoz berishi hozirdan aniq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG