Muhojirlarni himoya qiluvchi shaharlardan federal yordam qirqiladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Adliya vaziri Jeff Seshnsning ogohlantirishicha, jinoyatchi muhojirlarni deportatsiyadan himoya qilgan shahar va shtatlarga federal yordam qirqiladi. U barcha fuqarolarni qonunga itoat etishga chaqirdi. Ammo immigrantlarga qarshi ko'rilayotgan keskin choralardan norozilar ko'p. Ularga ko'ra, bu noinsoniylikdir.

Muhojirlarning deportatsiya qilinishiga qarshi mamlakat bo'ylab namoyishlar bo'lib o'tdi. Ularga ayrim siyosatchilar ham qo'shildi.

"Jamiyatimiz qo'rquvda: muhojirlar ham, muhojir bo'lmaganlar ham. O'zimizni hujumga tutilgandek his qilyapmiz. Bu ish meksikaliklarni zo'ravon va jinoyatchilar deb atagan oliy qo'mondonimiz tomonidan qilinayotganini unutmang", - deydi texaslik demokrat Rafael Anchia.

Maktablar, cherkovlar va ayrim shaharlar hujjatsiz muhojirlar himoyasiga otlandi. Nyu-Yorkdagi Avliyo Lyuk cherkovi ulardan biri.

"Eshiklarimizni ochamiz. Ular tinch va xavfsiz bo'lishi uchun boshpana va oziq-ovqat beramiz", - deydi cherkov rohibi.

Ammo adliya vaziri jinoyat sodir etgan muhojirlarni himoya qilganlar bu ishlari uchun javobgar bo'lishi haqida ogohlantirdi.

"Adliya vazirligi yordam grantlarini olmoqchi bo'lgan tashkilotlar muayyan qonun bandlariga rioya qilayotgani avval tekshiriladi", - deydi vazir.

Federal yordamdan quruq qolishdan qo'rqib, ayrim shaharlar himoya siyosatidan voz kechdi.

"Shunday qilishni zarur deb topdik, chunki federal yordamni, hozir va kelajakda oladigan mablag'larimizni xavf ostiga qo'yishni xohlamaymiz", - dedi Floridaning Mayami-Deyd okrugi meri Karlos Gimenez.

Yangi tartibga munosabat turlicha. Poytaxtga qo'shni Merilend shtati muhojirlarni himoya qilishga oid maxsus qonun qabul qilish haqida o'ylanmoqda. Bu katta xato, deydi Jeff Seshns.

"Bu bilan Merilend shtatida zo'ravonlik va jinoyat xavfi oshishini shtat ahli yaxhi bilsin. Bu yaxshi siyosat emas", - dedi adliya vaziri.

Prezident Donald Tramp odamlar dardiga quloq solib, immigratsiya va chegara nazoratini kuchaytirayotganini aytadi.

"Nihoyat, immigratsiya qonunlarini tatbiq etish orqali maoshlarni oshiramiz, ishsizlarga yordam beramiz; milliardlab dollarni tejab, jamiyatimizni xavfsizroq qilamiz", - dedi Tramp.

AQSh Adliya vazirligiga ko'ra, jinoyatchilar, o'g'rilar, zo'ravonlar va qotillarni himoya qiluvchi siyosat butun jamiyatni, xususan, muhojirlarni ham xavf ostiga qo'yadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG