Senat immigratsiya to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

  • Amerika Ovozi

AQSh senatorlari respublikachi Jon Makkeyn (chapda) va demokrat Chak Shumer jurnalistlarning savollariga javob beryapti.

AQSh senatorlari respublikachi Jon Makkeyn (chapda) va demokrat Chak Shumer jurnalistlarning savollariga javob beryapti.

AQSh Senati immigratsiya to’g’risidagi qonunni qabul qildi. Ammo u to’liq kuchga kirishi uchun Vakillar palatasi ham tasdiqlashi kerak. Respublikachilar yetakchi bo’lgan quyi palatada qonun jiddiy qarshilikka uchrashi kutilmoqda.

Senat ma’qullagan qonun millionlab hujjatsiz muhojirlar uchun fuqarolik sari yo’l ochadi. Loyihani tayyorlash jarayoniga demokrat Richard Durbin bosh-qosh bo’ldi.

“Biz bu mamlakatda qolishlariga ruxsat berishimiz uchun, avvalo, 11 million odam kelib, o’zini tanishtirishi, ro’yxatdan o’tishi, soliq va jarimalarni to’lashi va politsiya o’tmishini tekshirishiga ruxsat berishi kerak”, - deydi kongressmen Durbin.

Loyihada yuqori malakali qonuniy muhojir ishchilarga ham AQShda qolish huquqini berish haqida bandlar bor. Ayni paytda chegaralarni mustahkamlashga alohida e’tibor berilgan. Respublikachi senator Marko Rubio shunga urg’u beradi.

“Loyiha mamlakatimiz tarixidagi eng katta chegara va ichki xavfsizlik choralarini amalga oshirishni ko’zda tutadi. Masalan, 1126 kilometr chegaraga to’siq-devorlar quriladi. Chegara posbonlarining soni yana 20 mingga oshadi. Kuzatuv ishlari uchun maxsus texnologiya joriy etiladi”, - deydi senator Rubio.

Demokratlarning barchasi qonunni qo’llab-quvvatladi. Respublikachilarning esa uchdan biri. Senator Deyvid Vitter kabi qarshi ovoz berganlar nazarida qonundan ko’zlangan samarani kutish qiyin.

“Hammaga umumiy avf berilyapti. Chora ko’rish esa keyinga qolyapti”, - deydi senator Vitter.

Boshqa respublikachilar nazarida millionlab nolegal migrantlarga hujjat berilishi ishchilar sonini keskin oshirib, maoshlarning tushib ketishiga olib keladi.

Ammo Kongressning mustaqil olib borgan tadqiqotiga ko’ra, bu qonun aslida iqtisodiyotning o’sishiga yordam beradi. U, shuningdek, defitsitning kamayishiga ham hissa qo’shadi, deydi demokrat senator Charlz Shumer.

“Noqonuniy muhojirlar qancha kam bo’lsa, yalpi ichki mahsulot shuncha yuqori bo’ladi. Bu esa ko’proq ish va kamroq kamomad degani. Bunga kim qarshi chiqishi mumkin?” - deydi u.

Respublikachi Bob Korker immigrantlarning Amerikaga qo’shgan hissasini olqishlovchi ko’plab senatorlardan biri.

“Ular juda mehnatkash, hamma narsani qilishadi. Kompaniyalar yaratyapti, tadbirkorlik qilyapti. Bolalarimizga, ovqatimizga qarayapti. Hosilimizni yig’ishtiradi, uylarimizni quradi. Ular ham Amerikacha orzuga erishishga haqli”, - deydi senator Korker.

Ammo respublikachilar orasida qonunga qarshilar ko’p. Ayniqsa, quyi palatada. Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner ularning sardori.

Bu rasmiylar fikricha, noqonuniy muhojirlarni hujjat bilan siylash o’rniga chegaralarni mustahkamlash kerak. Demokratlar, xususan, prezident Obama esa faqat qarshi chora qo’llash uslubi yaramaydi, deydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG