Yangi Amerika, immigratsiya va muhojirlar, 1-qism

  • Amerika Ovozi

Immigrantlar xalqi. Kim unga mansub, kim esa yot? Hozirda AQShda 11 million noqonuniy muhojir bor. Taqdiri mavhum bu odamlarga bag'ishlangan maxsus hujjatli film shu haqda (1-qism).

“Yer sharining turli qismlaridan bu yerga kelgan odamlar kelajagi doim millatimizning kuchli tarafi bo’lgan,” - deydi immigratsiya mavzuida prezident Barak Obama.

Masalani siyosatdonlar belgilaydi. Iqtisodiy tizim esa malakali ishchilarga muhtoj.

“Yuqori malakali muhojirlar ish joylarini egallamaydi, ish joylarini yaratadi,” - deydi yangi immigratsion qonun tarafdorlaridan biri.

Hozirgi qonun oilalarni ajratib qo’ygan.

11 million odam taqdiri mavhum. Immigratsiyaga oid yangi qonun masalani hal qiladi.

Muhojirlar huquqlari himoyachisi

Vashington markazidagi mehmonxonada bo’lib o’tayotgan konferensiyada hujjatsiz muhojirlar maqomni o’zgartirish masalasini muhokama qilmoqda.

Xose Antonio Vargas jurnalist, rejissor va muhojirlar huquqlari himoyachisi. Bundan ikki yil oldin “New York Times” gazetasida chop etilgan maktubida u hujjatsiz immigrant ekanini e’tirof etgan edi. U, shuningdek, muhojirlarga oid yangi qonun kerak, degan.

Ko’p o’tmay nufuzli “Time” jurnali muqovasida Vargas surati chiqdi. U yana o’z maqomi haqida gapirdi.

“Hujjatsiz bo’la turib mamlakatda yashab yurgan odam o’zini aybdor his etadi. Men ham shunday sezganman. Qonunlar o’zgarishini orzu qilganman,” - deydi Vargas.

Amerika progressi markazidan Anjela Kelli immigratsiya atrofidagi muhokamalarda Vargas katta ta’sirga egaligini aytadi:

“Xose Antonio Vargas immigratsiya masalasi atrofidagi bahslarni tubdan o’zgartirib yubordi. Tasavvur qiling, u Amerikaga yoshi 12 daligida kelgan. Onasi uning qo’liga hujjat deb bir qog’oz bergan-da, samolyotga o’tqizgan va AQShdagi buvisinikiga jo’natgan. Fillipinda bu iqtidorli bola uchun kelajak yo’qligini tushunib shunday qilgan. Amerikaga kelgach bola televizor ko’rib ingliz tilini o’rgangan. Yoshi 16 ga kirganida haydovchi guvohnomasini olaman deb borsa, rasmiylar unga qonuniy maqoming yo’q ekan, degan”.

Vargas “Washington Post” gazetasida muxbir sifatida ishlay boshlagan. Virjiniyadagi otishma haqida xabar bergan kasbdoshlari barobarida nufuzli Pulitser mukofotiga sazovor bo’lgan. Lekin siri fosh etilishidan o’zi ham, buvisi ham qo’rqib yurishgan.

“Buvim bilan telefonda gaplashganimda meni tabriklash o’rniga “sir fosh bo’lsa nima qilasan”, deb so’radilar. Men o’shanda hojatxonaga kirib, o’tirib olib, nochorlikdan achchiq yig’laganim esimda. Endi nima qilaman, nima qilish mumkin, deb so’rardim o’zimdan, lekin javobni bilmasdim,” - deya hikoya qiladi Vargas.

“New York Times” gazetasidagi maqola tufayli Vargas hammaga tanildi.

2013-yil fevral oyida u Senatning sud tizimi qo’mitasida ko’rsatma berdi:

“Rais Lii, janob Grasli, qo’mitaning hurmatli a’zolari! Men o’zimning hujjatsiz amerikalik ekanimni ochiqchasiga tan olishim uchun 12 yil vaqt ketdi. So’nggi yillarda boshqa maqomsiz muhojirlar ham o’zi haqida ochiqchasiga gapirmoqda. Biz haqiqiy Amerikani aks ettiramiz, u haqidagi haqiqatni ochiq gapirishga tayyormiz. Biz fuqaro bo’lishni va bu bilan Amerika demokratik tizimida qatnashishni orzu qilamiz,” - dedi u.

Vargas Kapitoliyda ham o’z fikrini ifoda etdi. Bu safar fuqarolikni talab qilib Vashingtonga kelgan minglab noqonuniy muhojirlar saflarida.

“Men ulardan kattaman. O’tgan yili yozda prezident bolaligida AQShga kelgan muhojirlarga qonuniy maqom berish haqdagi qarorini e’lon qilganida, men belgilangan yoshdan to’rt oy katta edim. Lekin men ham bu yoshlarga o’xshashimni yaxshi bilaman”.

Vargas tarixdan olingan saboqlar haqida ham gapiradi:

“Odamlar oldida nutq so’zlaganimda Martin Lyuter King so’zlarini ko’p eslayman. “Tarixda, buyuk o’zgarishlar davrida eng katta zararni yomon odamlar emas, balki yovuzlik haqida sukunat saqlagan yaxshi odamlar keltiradi”, degan edi arbob. Yaxshi odamlar jim tursa bo’lmaydi. Ular gapirishi, fikrini bildirishi, haqqini talab qilishi kerak”.

Davlat rahbarlari va siyosatchilar nima deydi?

2012-yil noyabr oyida tarixiy hodisa yuz berdi. Kelasi to’rt yilga Oq uy sohibi etib yana Barak Obama saylandi.

Saylovda ozchilik elatlar vakillarining aksariyati Obama uchun ovoz bergani tarixiy ahamiyatga ega hodisa bo’ldi. Ispanzabonlarning 71 foizi va osiyolik amerikaliklarning 72 foizi democrat prezidentni afzal ko’rdi.

G’alabasi e’lon qilinganidan keyin nutq so’zlagan Obama immigratsiya haqida ham gapirdi:

“Biz Amerikaning saxiy, rahimdil va bag’rikeng ekaniga ishonamiz. Ilm dargohlarida o’qiyotgan va vatanimizga sadoqat namoyish qilayotgan immigrantlar qiz va o’g’illari orzulari ushalsin”.

Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Mitt Romni saylovoldi kampaniyasi chog’ida 11 million hujjatsiz muhojir o’zini o’zi deportatsiya qildirishi kerak, deb aytgan edi.

“Respublikachilarning juda ko’pi saylovdan keyin bir narsani tushundi. “To’xta, to’xta, axir haqiqiy muammo bor-ku. Immigratsiya masalasini hal qilmasak, muammoni hal qilmasak bo’lmaydi”, dedi,” - deydi Amerika progressi markazidan Anjela Kelli.

Respublikachilar orasidagi faollar

Radio boshlovchi Alfonso Agilar shunday respublikachilardan biri.

Tamar Jeykobi "ImmigrationWorks USA" tashkiloti prezidenti:

“Alfonso Agilar fikri Vashingtonda immigratsiya masalasi atrofida davom etayotgan bahs-munozaralarda katta ahamiyatga ega. Kelib chiqishi latino bo’lgan respublikachi... Respublikachilar latinolarga muhtoj. Lekin saflarimizda bundaylar hozircha kam. Alfonsoga o’xshab o’z fikriga ega faollar biz uchun juda muhim”.

Respublikachilar partiyasi immigrantlarning iqtisoddagi roli naqadar kattaligini tushunishi kerak, deydi Agilar.

“Poytaxt Vashington yaqinidamiz. Bu yerda ham hujjatsiz yurgan ishchilarni uchratish mumkin. Ular mehnatsevar odamlar, qora ish qilishga tayyor. Ish deb kelgan bu yerga,” - deydi Agilar.

Uning siyosiy qarashlariga katolik dini asos bo’lgan. Agilar haftasiga bir necha marta cherkovga boradi.

“Cherkovga borganda, ayniqsa ibodat paytida bir narsani tushunasan odam. Biz hammamiz qonuniy maqomdan qat’i nazar, fuqaromizmi yoki yoq, yaratgan oldida tengmiz, birdekmiz, ayni qadr-qimmatga egamiz. Cherkov beva-bechoralar, och-nahor yurganlar va muhojirlar ehtiyojini oladi,” - deya davom etadi Agilar.

Ko’pgina respublikachilar ispanzabon saylovchini o’z tarafimizga og’dirishimiz kerak, deydi. Marko Rubio kabi arboblar katta rol o’ynashga qodir.

Lekin bu fikrga hamma ham qo’shilavermaydi.

Kongress a’zosi Lu Barletta ispanzabon saylovchi ko’nglini immigratsiya haqidagi islohot orqali ovlash partiyaning asl qadriyatlariga zid, deb hisoblaydi.

“Bu masalani ilgari surishdan oldin Amerika xalqiga tushuntirilishi lozim bo’lgan jihatlar juda ko’p. Masalan, 22 million amerikalik ishsiz yurgan paytda xorijliklarni bu yerga kelib, noqonuniy ravishda ishlashga rag’batlantirish to’g’rimi? Bu adolatdanmi?” - deydi u.

Vashington yaqinidagi anjumanda konservativ qarashlarga ega respublikachilar ispanzabon saylovchilar ovozini olish yo’llarini muhokama qilmoqda.

“Nima sababdan o’tgan saylovda aksariyat ispanzabon amerikaliklar respublikachilarga ovoz bermadi? Nazarimda, sabab immigratsiya masalasida. Respublikachilar partiyasi muhojirlarga qarshi, ispanzabon fuqarolarga qarshi, degan tushuncha hosil bo’ldi ular orasida. Mamlakatning turli qismlarida, jumladan Vashingtonda ham immigratsiya masalasida islohot kerak, deyayotgan respublikachi arboblar juda ko’p. Ular partiyadoshlarini masalani qayta ko’rib chiqishga undamoqda,” - fikr bildiradi Agilar.

“Ronald Reygan kabi bir narsaga ishonaman: agar konservativ qarashga ega bo’lsangiz, immigrantlarga qarshi emas, ular tarafida bo’lishingiz kerak," - davom etadi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG