Yangi Amerika, muhojirlar va immigratsiya, 3-qism

  • Amerika Ovozi

Immigrantlar yurti. Kim unga mansub, kim esa yot? Hozir AQShda 11 million noqonuniy muhojir bor. Taqdiri mavhum bu odamlarga bag'ishlangan hujjatli film shu haqda (3-qism).

Obama immigratsiya masalasida yangi qonun qabul qilish kerak, der ekan, uning prezidentligi davrida deportatsiya qilingan odamlar soni ancha oshdi. Namoyishchilar hukumatning ushbu masala uchun mas’ul rasmiysi, Ichki xavfsizlik kotibasi Janet Napolitanoni nishonga oldi.

“1986-yilda Ichki xavfsizlik xizmati 25 ming odamni mamlakatdan chiqarib yuborgan edi. O’tgan yilda biz 409 ming odamni deportatsiya qildik. Bu rekord. Ulardan 55 foizi jinoyat sodir etgan odamlar,” – degan edi Napolitano.

Bir-biridan ajralganlar

Deportatsiya oilalarni bir-biridan ajratib yuboradi. 19 yoshli falastinlik amerikalik Janna Hakim va singlisi Sabo onasi Fatin immigratsiya davlat xizmati tomonidan deportatsiya qilingan tunni eslaydi:

“Ular kirib keldi”.
“Ko’zim ketgan ekan. Birdan onam xonamga kirib, “Sabo, Sabo, tur, qizim, meni olib ketishga kelishdi”, dedilar”.

“Singlim zobitlardan “nima bo’lyapti o’zi?” deb so’raganida ular onamni hibsga olish haqida buyruq borligini aytdi,” - deydi Janna.

“Zobitlardan biri onamga “xavotir olmang, yaqinda qaytib kelasiz, axir farzandlaringiz bor”, degandi”.

Qizlar onasi Fatin hozirda Ramollohda, Isroil bosib olgan G’arbiy sohilda. U AQShga 1989-yilda Belizdan turist vizasi bilan kelgan. Immigratsiya xizmati uni Belizga deporatsiya qilgan. Fatin uchun Amerikada farzandlarini qoldirib ketish dahshatli hodisa edi:

“Alvido, Bruklin, alvido, Nyu-York. Bolalarim endi nima qiladi”.

Ayol Isroilda qonuniy maqomsiz yashamoqda.Bu yerdan ham deportatsiya qilinishi mumkin.

“Qonun-qoidalar borligini yaxshi tushunaman. Lekin ayrimlarga imkon berilishi kerak, deb o’ylayman. Bu yerda 20 yil yashab, to’rtta farzandli bo’lib, keyin deportatsiya qilinsa, to’g’rimi?!” – deydi Sabo.

Janna unga jo’r bo’ladi:

“Onamga nisbatan adolatsizlik bo’lganini aytmay qo’ya qolay. Biz-chi? Biz Amerika fuqarolarimiz-ku axir?! Shu yerda tug’ilganmiz. Boshqalar bilan teng huquqqa ega emasmizmi? Men va ukalarimdan onamni olib ketish adolatdanmi?”

Bolalar otasi ham hujjatsiz immigrant, nogiron, ishlay olmaydi. Oilani boqish Janna va Sabo zimmasida. Qizlar o’qishni ham, ishni ham eplashga harakat qilmoqda. Janna oilasining suyangan tog’i:

“Kayfiyatim yomon bo’lsa ham ularga bildirmayman. Ular meni bunday ahvolda ko’rmasligi kerak. Ukalarim menga qarab “Jannaga o’xshashimiz kerak”, deyishini xohlayman. Men esa onamni bu yerga qaytarishga harakat qilishda davom etaman”.

Bolalar orasida Jannaning 16 yoshli ukasi Muhammad eng ko’p qiynalgan. Tortinchoq, doim yomon tush ko’radi, o’qishi ham chatoq.

Ular Skype orqali gaplashib turadi:

“Salom, oyijon”.

“Salom, o’g’lim, maktabga bormadingmi bugun?”

“Bugun ota-onalar majlisi bor”.

“Kim boradi?”

“Men boraman, oyi,” – deydi Janna.

Janna onasining uyga, bolalari oldiga qaytishiga umid qilmoqda. Biroq hozircha Fatinga AQShga kirishga ruxsat yo’q. Immigratsiya haqidagi yangi qonun qabul qilinsa, oila ahvoli o’zgarishi mumkin. Hozircha esa Janna kollejdagi o’qishi bilan band.

“Orzuimga onam sabab bo’ldi. Men advokat bo’lmoqchiman. Sudlanganlarni himoya qilaman. Immigratsiya masalalari ustida ishlayman. Men og’ir mehnat qilishga, yaxshi o’qishga harakat qilyapman. Kelajakda nafaqat onamga, balki boshqa bolalar onalariga, oilalariga yordam bermoqchiman. Boshimizga tushgan kunlarni hech kimga ravo ko’rmayman,” - deydi Janna.

2012-yilda 400 ming hujjatsiz immigrant deporatsiya qilindi. Oilalar og’irini yengil qilayotgan – zamonaviy texnologiyalar. Bruklinda kun botar ekan, Ramollohda onani boalaridan ajratib turgan yana bir kun davom etadi.

"Masalaning sodda yechimi yo'q", yoki arizonaliklarning muhojirlarga munosabati

Nan Valden huquqshunos, rancho sohibasi, chempion otlarni ham boqadi. Turmush o’rtog’i Richard bilan birgalikda "Green Valley" fermasini boshqaradi. 2800 gektarga teng yerda yong’oq yetishtiriladi. Arizonadagi aksariyat fermerlar kabi bu yerda ham vaqtincha ishga yollanadigan ishchilar kerak. AQShda ishlash uchun muvaqqat vizani olish oson emas. Ayni vaqtda qishloq xo’jaligi boshqa, maoshlar balandroq bo’lgan sohalar bilan bellashishga majbur.

“Iqtisodiy vaziyat yaxshiligida qurilish ishlari ham ko’p bo’ladi, mehmonxonalar, ya’ni turizm ham gullab-yashnaydi. Arizonada bu katta ahamiyatga ega. Lekin yaxshi ishchi topish oson emas,” – deydi Valden.

Vaqtincha ish bilan ta’minlash borasidagi hozirgi dastur samara bermayapti, deydi Valden. Immigraysiya islohoti buni o’zgartirishi kerak.

“260 doimiy ishchimiz bor. Har yili hosil paytida esa yana 50-60 kishini ishga yollaymiz”.
Hozirda qishloq xo’jaligi sohasida ham yuqori malakali ishchilar talab qilinadi, deydi u:

“Malakasi yo’q ishchi deyish noto'g’ri, deb hisoblayman, ayniqsa fermada ishlaydiganlar haqida. Chunki fermerlik zamonaviy texnikaga asoslangan, hamma narsa mexanizatsiyalashtirilgan. Mashinalar juda qimmat, ishlatishni bilmasa osonlikcha buziladi. Biz uchun bu qimmatga tushishi mumkin. Terim paytida kechayu-kunduz, uch smena bo’lib ishlaymiz, har biri sakkiz soatdan. Har hafta tozalash ishlari ham bor. Ishni vaqtida tugatish katta mas’uliyat”.

Iqtisodda o’sish kuzatilayotgan davrda malakali ishchilarni topish oson emas, demak hosil dalada qolib ketishi, chirishi mumkin. Qog’ozbozlik hosilga zarar, deydi Valden.

“Xorijdan ishchi olib kelish uchun viza olish borasidagi mavjud qonun-qoidalar yomon ishlaydi, samarasiz. Ularga ko’ra, birinchi ishni topib, so’ngra amerikaliklar bu ishda ishlagisi kelmayotganini isbotlash kerak. Buning uchun esa 45 kundan 75 kungacha vaqt ketadi. Bu payt ichida hosil o’ladi-ku!” – deydi u.

Arizona universitetidan Judit Gans immigratsiya borasidagi yangi qonun ishchilar masalasini hal qilishi kerak, deydi:

“Noqonuniy immigratsiya, nazarimda, bir tarafdan, xorijlik ishchilarning Amerikaga kelib ishlashni istayotgani va, boshqa tarafdan, bunday qilishning qonuniy yo’llari orasidagi nosozlik oqibati. Bunday nosozlik bor. Mavjud qonun eskirgan. Nosozlikni tuzatadigan yangi islohot kerak”.

Rancho sohibasi va tadbirkor Meksika chegarasidan 50 kilometr narida yashaydi. Devor masalani hal etmaydi, deydi.

Judit Gans Taksondagi Arizona universiteti qoshidagi Imiigratsion siyosat markazi direktori:

“Savdo sohasidagi eng yirik hamkorlarimiz Kanada, Meksika va Xitoy”.

“Meksika biz uchun juda muhim. Meksikalik sayyohlar bu yerga kelib, Arizonada pul sarflaydi. Biz ham Meksikada narsa xarid qilamiz. Rishtalar mustahkam”.

“Chegarani mustahkamlash kerak, qabilidagi sodda yondashuvni eshitsam, menda shubha tug’iladi. Chunki bu yerda yashaydiganlar masalaning sodda yechimi yo’qligini yaxshi tushunadi. Obdon o’ylab, keyin qaror qabul qilish kerak,” – deydi Valden.

Asrlar davomida Amerika beva-bechoralarni, urushdan qochganlarni bag’rini ochib kutib olgan. Kelganlarning ko’pginasi jamiyat taraqqiyotiga katta hissa qo’shdi. Ayrimlar - san’at orqali.

Muhojirlarning san'atga hissasi

“Amerikaga kelmaganimda film yaratarmidim? Yo’q”.

Vyetnamda tug’ilgan rejissor Min Nguen yaqinda “Teg” (“Touch”) badiiy filmini ishladi.
Min rafiqasi bilan Los-Anjelesda yashaydi. Akasi Lon oilasi bilan Min hovlisida qurilgan uyda turadi.

Min va Lonning yana 8 aka-ukasi bor. Lekin ikkovlon yoshligidan bir-biriga yaqin bo’lgan.

“Men yoshligimdan unga qaraganman. Onam tug’ruqxonada ekanida u yerga borib, chaqaloqni ko’rganim esimda,” - deydi aka.

Yaqinda Lon ukasining farzandiga qarash imkoniya ega bo’ladi.

“Farzandlarim kattaroq bo’lganida ularga meni ota-onam qanday qilib Amerikaga olib kelgani haqidagi sarguzashtlarimni aytib beraman”.

Min bir o’limdan qolgan. U ham, akasi Lon ham Vyetnamda tug’ilgan. Lon urush dahshatlarini yaxshi eslaydi.

“Tunda zinapoya tagida yashirinardik, chunki uyning eng mustahkam qismi o’sha yer edi. Qo’shni uylarga bomba tushganini eshitib o’tirardik. Erta tongda turib qaysi qo’shnining uyi vayronaga aylanganini borib ko’rardik,” - hikoya qiladi u.

Ko’p farzandli oila bir necha guruhga bo’linib, kichik qayiqlarda mamlakatdan qochishga qaror qiladi. Lon birinchi guruhda edi. Bir necha yildan so’ng 8 yoshli Min ham Vyetnamdan qochib chiqishga muvaffaq bo’ldi.

“Qayiqda katolik ruhoniy bor edi. Bir kuni suv qolmadi, hamma o’lishga tayyor bo’lib o’tirganida, u so’nggi ibodatni o’qigan edi”.

Lekin oilaning barcha a’zosi tirik qoldi, eson-omon AQShga yetib keldi. Min maktabni a’lo baholar bilan tugatib, fuqarolikni ham oldi.

“Juda hayajonlanganman, ilhomlanganman, g’ururlanganman. Katta yutuqqa erishgandek sezganman,”. - deydi u

Min kollejga kirdi, biologiya mutaxassisligi bo’yicha o’qidi. Lekin ko’p o’tmay kino san’atiga qiziqish bildirdi.

“Akam Lon men uchun san’atga yo’l ochib bergan desam mubolag’a bo’lmaydi”.

U paytda Lon rassom edi.

“Onam rassomlik ham ishmi, deb baqirgani esimda. Lekin u quloq solmay, rasm chizishda davom etdi”.

Min yana o’qishga kirdi. Bu safar kinematografiyani o’rganish uchun. U yaratgan birinchi badiiy filmda Lon ham suratga tushgan. “Teg” vyetnamlik manikyurchi qiz va amerikalik mexanik orasidagi sevgi qissasi.

“Vyetnam xalqaro kinovestivalida tomoshabinlar mukofotiga sazovor bo’ldik. G’alati-da, ota-onam Vyetnamdan qochib, meni Amerikaga olib kelgan. Men esa filmimni yana Vyetnamga olib bordim”.

Min bolam ham AQShda katta imkoniyatlarga ega bo’ladi, deydi.

“Men unga umr - bu sayohatdek bir narsa, yetib boradigan joying haqida ko’p o’ylama, deyman”.

Yiliga deyarli 200 000 odam AQSh fuqaroligini oladi. Ular uchun bu xursandchilikka to’la hodisa. Doimo o’zgarib turadigan Amerika jamiyatining to’laqonli a’zosiga aylanish. Immigratsiya haqidagi yangi qonun qabul qilinadimi yoki yoq, kelajakda bu masala Amerikaga ta’sir ko’rsatishda davom etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG