Amerikaliklar chegaradagi vaziyatdan norozi

  • Amerika Ovozi

Chegarada qolga tushganlar hibsxonada tunamoqda. Braunsvil, Texas. 18-iyun 2014-yil

Chegarada qolga tushganlar hibsxonada tunamoqda. Braunsvil, Texas. 18-iyun 2014-yil

AQShning janubiy sarhadlarida Markaziy Amerikadan kelayotgan bolalar keskin ko’payganidan buyon immigratsiya masalasi yanada dolzarblashgan. Aksariyat amerikaliklar nazarida tizimni isloh qilish kerak. Chegarada yuzaga kelgan vaziyatdan norozilar ko’p.

So’nggi yil ichida noqonuniy muhojirlarga qonuniy maqom beriladi, degan mish-mishlar minglab markaziy amerikalik bolalarni AQShga yetakladi. Ular vatanidagi qashshoqlik hamda jinoiy to’dalardan qochmoqda. Bolalar soni shu qadar ko’paydiki, chegaradagi hibsxonalar to’lib ketdi, sudlar ularning ishini ko’rish bilan band.

Immigratsiya islohotiga qarshilar deydiki, gumanitar inqiroz jamoatchilik noroziligiga sabab bo’lmoqda.

Bob Deyn Amerika immigratsiya islohoti uyushmasidan.

“Pichoq borib suyakka taqaldi. Mamlakatimizga yakka o’zi kelayotgan bolalarning keskin ko’payishi chegaralarimiz xavfsiz va mustahkam degan gapning noto’g’riligini yaqqol ko’rsatdi. Muammo chuqurlashmoqda, jamoatchilik norozi,” - deydi u.

“Pew” tadqiqotlar markazidan Mark Xyugo Lopez tushuntirishicha, amerilkaliklarning immigratsiya siyosatiga munosabati o’zgargan.

“Albatta, ayrimlar, xususan respublikachilar orasida noqonuniy muhojirlarga qonuniy maqom berishga qarshilar ko’paydi. Ayni vaqtda, muhojirlarni qonuniylashtirish kerak, degan respublikachi, demokrat va mustaqil amerikaliklar ham ko’paygan,” - deydi u.

Aksariyat amerikaliklar immigratsiya islohotini qo’llab-quvvatlasa-da, Respublikachilar partiyasining eng konservativ qarashga ega “Choychilar” qanoti asosiy to’siq bo’lib qolmoqda.

Brukings tadqiqotlar institutidagi mutaxassis Tomas Mann:

“Asl amerikaliklar kattaroq huquqqa ega bo’lsin, deganlar “choychilar” va umuman konservatorlar orasida ham ko’p. Vakillar palatasi bunday saylovchilar fikrini inobatga oladi. Biz shu sababdan hech narsaga erisha olmayapmiz”.

Immigratsiya islohotiga qarshilar prezident Barak Obamani xavfsizlikni ta’minlab bera olmayotganlikda ayblaydi. Chegarani qonunga xilof ravishda kesib o’tgan bolalarga mamlakatda yashashga ruxsat etilgani uchun tanqiq qiladi. Shu yilgi Kongress saylovlarida bu asosiy masala bo’ladi, deydi Deyn.

“Bu yili nomzodlar immigratsiya masalasida aniq fikrga ega bo’lishi shart. Saylovchilarning nima sababdan inqiroz yuzaga keldi, bu masalada nima qilasiz, degan savollarga javob bera olishi kerak”.

Immigratsiya tizimini isloh qilish kerak degan fikrdagi amerikaliklar ham noqonuniy muhojirlar oqimini to’xtatish hukumat uchun ustuvor vazifa bo’lishi lozim deb hisoblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG