AQShda immigratsiya islohoti bahslari yana boshlandi

  • Amerika Ovozi

Byudjet mojarosi vaqtincha bir yoqli bo’lishi bilan AQSh prezidenti Barak Obama e’tiborini yana immigratsiya islohotiga qaratdi. U yangi qonunning qabul qilinishi uchun Kongressga bosim o’tkazmoqchi ekanini aytmoqda.

Senat avvalroq immigratsiya bo’yicha tayyorlangan yangi qonun loyihasini tasdiqdan o’tkazgan edi. Agar kuchga kirsa, u AQSh chegaralarini mustahkamlab, millionlab noqonuniy muhojirlar uchun fuqarolik sari yo’l ochadi.

Ammo tashabbus respublikachilar yetakchiligidagi quyi palatadan o’tmayapti. Loyihaga qarshi bo’lgan qonunchlarning aytishicha, qonunni buzgan odamlarga amnistya e’lon qilinishiga yo’l qo’yib bo’lmaydi.

18-oktabr kuni prezident Obama immigratsiya islohoti navbatda turgan eng muhim vazifa ekanini aytdi.

“Buzuq immigratsiya tizimini tuzatishga qaratilgan ishimizni oxiriga yetkazishimiz kerak. Amerikaliklarning aksariyati shuni istaydi. Vakillar palatasida qonun qabul qilinishi kerak”, - dedi AQSh rahbari.

Vashington moliyaviy muammolar bilan band bo’lganida ham islohot tarafdorlari jamoatchilik e’tiborini qozonib, qonunchilarga bosim o’tkazishda davom etdi. Islohot muvaffaqiyatli bo’lishi uchun uni shu yildan qoldirmay qabul qilish kerak, chunki kelasi yili saylov yaqinligi bois qonunchilar siyosiy jihatdan nozik bo’lgan masalalarga ovoz bermay qo’yadi, deydi kuzatuvchilar.

Islohot tarafdori bo’lgan Frenk Sherri vaqtning ahamiyatiga alohida urg’u beradi.

“Vakillar palatasi ham masalaga e’tibor qaratib, uni ovozga qo’yishga harakat qiladi. Bu harakatni shu yili ko’rishimiz muhim”, - deydi u.

Uning aytishicha, respublikachilarda xohish bo’lsa, qonunni muhokama qilish uchun dekabrgacha yetarli vaqt bor.

Ammo ayrimlar loyihaning Vakillar palatasida jiddiy qarshilikka uchrashini aytmoqda. Vashingtonda joylashgan Immigratsiyani o’rganish markazi rahbari Mark Krikoryanning aytishicha, quyi palata qonunchilari hujjatsiz muhojirlarga fuqarolik berishni ta’minlovchi bandni qonundan olib tashlashi mumkin.

“Ular 11 million noqonuniy muhojirga ish vizasi berish bilan cheklanishi mumkin. Bu viza sizga qonuniy maqom beradi, ammo fuqaro bo’lish imkonini bermaydi”, - deydi u.

Obama fuqarolikka eltuvchi moddaning olib tashlanishiga qarshi. Ammo qonunning so’nggi nusxasi Senat tayyorlagan loyiha bilan bir xil bo’lishi shart emas, deydi u.

“Agar quyi palatada Senat qonunini yaxshilash bo’yicha g’oyalar bo’lsa, eshitishga tayyormiz. Muzokaralarni boshlashimiz kerak”, - deydi u.

Prezident nutqidan so’ng demokrat qonunchilar uning so’zlarini ma’qullovchi bayonot chiqardi.

Ammo immigratsiya islohoti masalasida respublikachilar va demokratlar farqli qarashlarga ega va ularning kelishuvga erishishi dargumon, deydi tahlilchi Krikoryan.

“Vakillar palatasi qandaydir ko’rinishdagi qonunni qabul qilishga rozi, ammo u Senat xohlagan qonun bo’lmaydi. Demak, Obamaga stoliga hech qanday qonun yetib bormaydi”, - deydi u.

Krikoryan fikricha, agar qonun bu yil qabul qilinmasa, keyingi yilgi Kongress saylovlari o’tgandan so’ng, 2015-yilda u yana qayta ko’tariladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG