Immigratsiya islohotiga doir qonun hali-beri qabul qilinmaydi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama va uning demokratik safdoshlari immigratsion islohotlarni ortiq kechiktirib bo’lmaydi, demoqda.

Ammo Kongressdagi konservativ qonunchilar orasida bu tashabbusga qarshilik kuchli. Ular nazarida chegarani mustahkamlash har narsadan ustun.

AQShda taxminan 11 million hujjatsiz muhojir yashaydi. Ayrim shtatlar federal hukumatdan hafsalasi pir bo’lib, o’zlari chora ko’ra boshlagan. Masalan, Merilend ayrim shartlar evaziga qo’lida hujjati bo’lmagan odamlarga ham haydovchilik guvohnomasini olishga ruxsat berdi.

Qachongacha bu masalani kechiktiramiz, deb so’raydi prezident Barak Obama:

“Iqtisodiy o’sish haqida gap ketganda, biznes yetakchilar, profsoyuzlar, huquq-tartibot idoralari doimo shu mavzuni ko’taradi – immigratsiya tizimini tuzating!”.

Xalq va Kongress oldida qilgan nutqida Obama qonunchilarga shart qo’ymadi va to’g’ri ish qildi, deydi Jorj Vashington universitetidan Mark Kennedi.

“Prezident tushunadiki, yechim Vakillar palatasidagi respublikachilar qo’lida. Ularga qancha ko’p bosim o’tkazilsa, qarshilik shuncha kuchli bo’ladi”, - deydi u.

Prezident va uning safdoshlari nazarida, har qanday qonun loyihasi hujjatsiz muhojirlarga fuqarolikka yo’l ochishi muhim. Kongressmen Loyd Dogget tushuntiradi:

“Hujjati yo’qligi sabab qancha-qancha oilalar parokanda bo’layapti, ota-onalar farzandidan uzilyapti. Menimcha, qonunga bo’ysunayotgan, soliqlarini vaqtida to’layotgan muhojirga jarima to’latib, AQSh fuqaroligini olish uchun imkoniyat bersak to’g’ri bo’ladi”.

Ammo bu taklifga respublikachilar mutlaqo qarshi. Biz muhim deb bilgan ayrim shartlar bajarilsagina islohot uchun ovoz beramiz, deydi kongressmen Endi Xarris:

“Avvalo chegara xavfsizligini kuchaytiraylik, muhojirlarga fuqarolik berish taklifidan voz kechaylik. Ana undan keyin qolgan barcha masalalarda kelishib olsak bo’ladi. Bu shartlar bajarilmasa, loyiha palatada yotaveradi”.

Barak Obamaning nutqini tinglash uchun taklif etilganlardan biri Kristian Avila immigrantlar huquqiga e’tibor qaratish uchun Kongress oldida 22 kun ro’za tutdi. Avila Amerika fuqaroligini olib, armiya safida xizmat qilmoqchi.

“Fuqarolik masalasi biz uchun juda muhim. Bizga va oilamizga ikkinchi darajali odamlar deb qarashmasin”, - deydi u.

Avila va boshqa faollar immigratsiyaga doir qonun qabul qilinmaguncha Kongress oldida har kuni namoyish qilamiz, deydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG