Respublikachilar chegarani yanada mahkamlashni talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Kongress tayyorlagan yangi hisobotga ko’ra, immigratsiya tizimini isloh qilish AQSh iqtisodiyotini rivojlantirib, byudjet kamomadini qariyb 1 trillion dollarga kamaytiradi. Ushbu ma’lumotlar yangi qonun Senatda muhokama qilinayotgan bir paytda e’lon qilindi.
11 milliondan ortiq hujjatsiz muhojirga qonuniy maqom berish Amerika iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir qiladi, deyiladi Kongressning Byudjet bo’limi chiqargan yangi hisobotda.

Unga ko’ra, immigratsiyaga oid qonun qabul qilinsa, iqtisodiyot besh foizga o’sib, keyingi 20 yil ichida defitsit 900 milliard dollarga kamayadi. Demokrat senator Robert Menendez Byudjet idorasi chiqargan ma’lumotdan xursand.

“11 million odamni panadan chiqarib, immigratsiya tizimini isloh qilish yalpi ichki mahsulot hajmini oshirib, defitsitni kamaytirishini uzoq vaqtdan beri aytib kelardim. Endi aniq qanchaga kamayishini ham bilamiz”, - deydi senator.

Shu paytgacha millionlab noqonuniy muhojirlarga hujjat berish AQShda ishchi kuchini keskin oshirib, maoshning kamayishiga va ijtimoiy yordam dasturlari uchun xarajatlarning ko’payishiga olib keladi, degan qarash bor edi.

Kongress taxminicha, dastlab, maoshlar o’sishining sekinlashishi kutilsa-da, keyinroq ish haqi uchun to’lovlar yana oshishda davom etadi. Davlat ijtimoiy dasturlariga boqimanda odamlar ko’payishi haqidagi taxminlarning ham asossiz ekani aniqlangan.

Hozir Senatda immigratsiyaga oid qonun loyihasiga bir qator tuzatishlar kiritish ustida bahslar ketmoqda. Hozirgacha ularning to’rttasiga ovoz berildi. Respublikachilar taqdim etgan ikki tuzatish esa qabul qilinmadi. Ulardan biri AQShda viza muddati o’tib ketgan xorijliklarni kuzatishni, ikkinchisi esa noqonuniy muhojirlarga hujjat berishdan oldin AQSh va Meksika o’rtasida ulkan devor qurishni ko’zda tutgan edi. Respublikachi senator Jon Sun ularning qabul qilinmaganidan norozi.

“Har safar Kongress immigratsiya tizimini tuzatishga uringanda, chegaralarni yanada mustahkamlash haqidagi va’dalar qolib ketyapti”, - deydi u.

11 million noqonuniy muhojirga qonuniy maqom berilishidan oldin, chegaralar mustahkamlanishi kerak, deya talab etadi Kongressning respublikachi vakillari. Agar talablari qondirilmasa, ular qonun loyihasi uchun ovoz bermasliklarini aytmoqda.

“Shuncha va’dalarga, orzu-umidlarga qaramasdan, bu qonun, afsuski, noqonuniy muhojirlarni to’xtatishda kutilgan samarani bermaydi. Biz amerikaliklarga buzilgan tizimni tuzatamiz, deganimizda, shuni nazarda tutganmidik?” – deya so’raydi respublikachi Jon Kornin.

Ammo demokratlar chegara xavfsizligini kuchaytirish uzoq vaqt olishini aytib, buning amalga oshishini kutish muhojirlarga hujjat berish jarayonini kechiktirishini ta’kidlaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG