Breaking News

Faollar AQSh Kongressidan immigratsiya islohotini tezlatishni so'ramoqda


Faollar immigratsiya islohotini tezlatishni so'ramoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:47 0:00
Bir guruh faollar Vashingtonda ikki haftadan beri ochlik e’lon qilgan. Ular Vakillar palatasi spikeri Jon Beynerdan immigratsiya to’g’risidagi islohotni o’tkazishni so’rayapti. Qonun allaqachon Senat tasdig’idan o’tgan. Ammo quyi palata yetakchilari bu yil uni ovozga qo’yish niyatida emas.
Kongressning ispanzabon vakillari hamdardlik bildirish uchun ochlik e’lon qilgan faollar bilan uchrashdi.

Arizonalik Kristian Avilaning aytishicha, u oilasining deportatsiya qilinishidan qo’rqib shu ishga qo’l urgan.

“Baxtimizga, akam, singlim va men vaqtincha AQShda qolish huquqini olganmiz, ammo ota-onamiz hanuz hujjatsiz. Shuning uchun har kuni ota-onamni yana qayta ko’ra olarmikinman, ularni ushlab olib ketishmasmikan, deb qo’rqib yashayman”, - deydi u.

Kongressdagi ispanzabon qonunchilar guruhi yetakchisi demokrat Ruben Hinojosa respublikachilarni o’z ishini bajarishga chaqirdi.

“Bu yil immigratsiya to’g’risidagi qonunni ko’rib chiqish uchun vaqt qolmagani haqida ko’p bahslar bo’lyapti, ammo bu noto’g’ri. Vakillar palatasi spikeri qonunni kun tartibiga kiritib, Kongressning barcha 435 a’zosini ovoz berishga undash huquqiga ega”, - deydi u.

Demokrat kongressmen Luis Guteres esa Jon Beynerning e’tiborsizligidan xunob.

“Siz Vakillar palatasining ish tartibini nazorat qilishingiz mumkin. Lekin bu kurashni va uning qanday borishini biz boshqaramiz. Bu ishda qat’iylik va muntazamlikni boy bermaymiz”, - deydi u.

Prezident Obama esa immigratsiya tizimini isloh qilish vaqti allaqachon kelganini aytadi. U ochlik e’lon qilgan faollar yonini oldi.

“Kapitoliy oldida jasur faollar ikki haftadan beri ovqat yemay o’tiribdi. Ular Kongressni ishlashga undash uchun o’zlarini qurbon qilmoqda”, - deydi u.

Obama Kongressni o’z ishini bajarishga undaydi. Spiker Beyner esa bu vaqt olishini aytadi.

“Qo’mitalarimiz o’z ishlari bilan band. Umumiy shartlarga kelish uchun nimalar qilish lozimligi bo’yicha hamda bu muhim masalani hal etish yuzasidan ichki suhbatlarimiz davom etyapti”, - deydi u.

Faollardan biri Kristian Avila ochlikdan tinkasi quriyotganini aytadi.

“To’zziqinchi kunga kelib ocharchilik ta’sirini seza boshladik. Yursak yoki uzoq vaqt bir joyda tursak ham holsizlanib qolyapmiz”, - deydi u.

Bu faollar maqsadlariga erishish uchun o’z bilganlaridan qolmasligini aytadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG