AQSh: Immigratsiya islohoti iqtisodiyotga zararmi?

  • Amerika Ovozi

Vashingtonda immigratsiya islohoti talabgorlari namoyish qilmoqda

Vashingtonda immigratsiya islohoti talabgorlari namoyish qilmoqda

AQShda immigratsiya tizimi islohot va ta’mirga muhtoj lekin Kongress masalani bu yili ham hal etishiga ishonch kam.

Respublikachilar bu ish ijrosini demokrat prezidentga ishonib topshirmoqchi emas.
Demokrat qonunchilar esa muxolifatni saylov yilida mavzuga siyosiy tus berganlikda ayblamoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, immigratsiya tizimi islohoti siyosiy emas, balki iqtisodiy masala.

Ayrim ekspertlar xulosasiga ko’ra, Amerikadagi 11 million noqonuniy muhojirga hujjat berilsa, iqtisodiyot katta zarar ko’rishi mumkin. Biroq immigratsiya tizimini tuzatish ham qarz, ham farz, deydi ular.

“Kongress masala yechimini qancha uzoq sursa, muammoga har kuni yuz tutayotgan odamlar shuncha uzoq qiynaladi, ayrimlari deportatsiyaga uchraydi, oilalar kundalik ravishda bir-biridan ajraladi”, - deydi Vashingtondagi Immigratsiya siyosati markazida bosh tahlilchi Gilyermo Kantor.

Masalani hal etish uchun boshqa sabablar ham bor, deydi Kantor.

“Islohot amalga oshirilsa, mamlakatimiz uchun iqtisodiy foydasi katta bo’ladi va ko’p hollarda masalaning bu tomoniga e’tibor berilmayapti”, - deydi u.

Qonunga qarshilar nazarida hukumat uzoqni ko'ra olmayapti.

“Nega endi Kongress Amerikada o’rtacha maoshni kamaytiradigan qonun loyihasini ma'qullashi kerak?” - deya ajablanadi respublikachi senator Jeff Seshns.

Seshns qisman haq, xolos. Kongress byudjet idorasi hisobotiga ko’ra, islohotlar sabab o'rtacha maosh 2023-yilgacha atigi 0,1 foizga kamayadi. Bu past malakali muhojirlarning qonuniy maqomga ega bo’lishi bilan bog’liq. Biroq undan keyingi 10 yil davomida maoshlar islohotlarni deb yarim foizga o’sishi kutiladi.

Vashingtondagi Migratsiya siyosati instituti eksperti Mark Rozenberg:

“Hujjatsiz muhojirlarga qonuniy maqom berishdan iqtisodiyot foyda ko’rishi mumkin. Bu bilan soliq to’lovchilar soni ham oshadi. Demak, davlat g’aznasiga qo’shimcha pul tushadi. Biroq uzoq muddatda hujjatni qo’lga kiritgan immigrantlar davlat imtiyozlariga da’vo qila boshlaydi. Masalaning moliyaviy jihatdan ham ijobiy, ham salbiy tomonlari bor”, - deydi u.

Muhojirlar masalalari bo’yicha markaz xulosasiga ko’ra, bu ishning foydadan zarari ko’p.

Ayrimlar immigrantlarning ma’lum toifasini hammadan oldin qonuniylashtirishni taklif etmoqda. Masalan, Amerika universitetlarini tamomlagan xorijiy talabalar uchun ishchi vizalari joriy etilsa soz bo’lardi, deydi xitoylik student Tin Gon.

“Bu yerda o’qigan yoshlar oliy ma’lumotli bo’lib, bilimini mana shu mamlakat ravnaqi uchun ishga solgan bo’lardi”, - deydi u.

Masala ijrosiga yondashuv turlicha bo’lsa-da, aksariyat mutaxassislar islohotlar AQSh iqtisodiyotini kuchaytirishiga amin. Tanqidchilar avvaliga og’ir bo’ladi desa, chora tarafdorlari qo’l qovushtirib o’tirish yanada qimmatga tushishini ta’kidlamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG