Tramp muhojirlarni AQShdan haydash ahdida qat'iymi?

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka saylangan Donald Trampning muhojirlarga nisbatan keskin qarashi va musulmonlarni tekshirishga undashi AQShdagi immigrantlar va ozchilik guruhlar o'rtasida xavotirni kuchaytirdi. Saylangandan beri Tramp xavotirlarni aritishga urinmoqda. Uning aytishicha, faqat jinoyat sodir etgan noqonuniy muhojirlar deportatsiya qilinadi. Ular soni uch million atrofida. "Amerika Ovozi" Trampning ispanzabonlar masalasi bo'yicha maslahatchisi Luis Kinones bilan gaplashdi.

O'tgan yili Yevropada yuz bergan terror xurujlari ketidan Tramp AQShga musulmonlar kirishini taqiqlab qo'yishga chaqirdi. U mamalakat ichidagilar ustidan ham nazoratni oshirish kerak, dedi.

Luis Kinonesga ko'ra, qonuniy muhojirlarning xavotir olishiga hojat yo'q.

"Haqiqiy din yoki tinch yechimlar doirasida ishlamaydigan ekstremist musulmonlarni nishonga olamiz. Kimki zarar yetkazishni istasa, undaylarga eshik yopiq. Ularni qidirib topamiz. Jamiyatning ajralmas qismi bo'lish uchun AQShga kelganlar, shu jamiyatga hissa qo'shishni istaganlar uchun qo'rquvga asos yo'q. Ular deportatsiya qilinmaydi, nazoratga olinmaydi", - deydi u.

Hujjatsiz ishchilar ham ommaviy deportatsiya qilinmaydi, deydi Kinones.

"Hozir qo'rqishi kerak bo'lgan odamlar faqat jinoyatchilar. Ular deporatsiya qilinadi. Bundaylar uch milliondan ortiq. Sayyohlik vizasi bilan kelib muddatini o'tkazib yuborganlarni ham haydaymiz. Chunki vaqtinchalik tashrif imkoniyatini suiiste'mol qilib, bu yerda doimiy qolishga urinishlarni qabul qila olmaymiz. Bu tizim faqat sayohatga keladiganlar uchun", - deydi u.

Tramp ma'muriyati mamlakatga qayta kirishiga yo'l qo'ymaslik uchun jinoyatchi muhojirlarni ro'yxatga olib boradi.

"21-yanvar kuni jinoyatchilarni, ular qayerda joylashganini aniqlash uchun ma'lumotlar bazasiga qarashni boshlaymiz. 7500 ta yangi chegara xizmatchilarini ishga olyapmiz. Jinoyatchilarni aniqlaganimizdan keyin ularni qidirishga tushamiz va topib, deportatsiya qilamiz. Agar ular bizning qoidalarimizga rioya qilishni istamasa, qamaladi", - deydi Tramp maslahatchisi.

Ayrim shahar rasmiylari noqonuniy muhojirlarni himoyalashda davom etishlarini bildirgan. Kinonesning aytishicha, bunday rasmiylar jinoiy javobgarlikka tortilishi va ularning shaharlari federal yordamdan mosuvo qilinishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG