Amerikaliklar minimal maoshni oshirishni talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Amerikada boy va kambag’allar orasidagi tafovut o’sib bormoqda. O’tgan 30 yil ichida mamlakatdagi eng boy qatlam, aholining 1 foizi, daromadini 275 foizga oshirgan. O’rta sinfniki esa atigi 40 foiz o’sgan. Prezident Barak Obama nazarida o’rtahol fuqarolarning dardi bugungi eng dolzarb masala.


Kaliforniyadagi saroylardan Michigan shtatidagi kulbalargacha… Bugungi Qo’shma Shtatlar…

Yaqinda Jorjiya shtatining Atlanta shahrida minimal maoshni oshiring deb odamlar ko’chaga chiqdi.

Federal miqyosda eng kam ish haqi soatiga hozir 7,25 dollar. Lekin shtatlar uni o'zi ko'tarishga haqli. Poytaxt Vashingtonda, Kolumbiya okrugida, 11,5 dollar.

Haftasiga 40 soat ishlagan odam faqat bu maosh bilan kun ko'ra olmaydi, deydi Vashingtondagi oshxonalardan birida ishlaydigan Erika Geyls.

“Juda qiyin… To’ydim yetishmovchilikdan. Farovon, to’q yashashni istayman”.

Kambag’allar ko’payib borayotgani achinarli hol, deydi Ayova shtatidan senator Tom Xarkin.

“Yurtdoshlarimiz azobda, bilamiz. Yo’qsil odamga har tomonlama qiyin, albatta. Quyi tabaqa qayerga borishni bilmaydi. Buyuk davlatmiz deymiz, lekin qashshoqlikka ko’z yuma olmaymiz”,- deydi demokrat senator.

Prezident Obama Kongressdagi yillik nutqida shu haqda gapirmoqchi.

“Amerika orzusi… Mehnatning tagi rohat. Mana shu naql asosida vujudga kelib, xalq va davlatga aylanganmiz. Ammo qashshoqlik bugun bizni tarqoqlashtirmoqda. Ishlagan odam tishlashi uchun harakat qilishimiz darkor. Taqdirimiz o’z qo’limizda deb yashashimiz kerak”,- deydi Obama.

Kongress saylovlari yaqinlashar ekan, bu gaplar demokratlar uchun shior, deydi tahlilchi Jon Fortiyer.

“Partiya uchun bugungi falsafa shuki, iqtisodiyot nafaqat yaxshilanayapti balki har bir fuqaro uchun imkoniyatlar kengayib bormoqda. Tizim faqat boylar va to’q oilalar uchun emas, har bir fuqaro uchun xizmatda”,- deydi Fortiyer.

Respublikachilar esa buning aksini qayd etmoqda.

Vakillar Palatasi spikeri Jon Beyner:

"Amerika xalqi va’da qilingan ishlar qani deb so’rashga haqli. Prezidentimiz besh yildan beri nima qildi? Davlat rahbari uning siyosati ish bermaganini tan olishi kerak”.

Florida shtatidan respublikachi senator Marko Rubio 2016-yilda prezident saylovlarida qatnashishi mumkin. Uning fikricha, har bir shtat dadilroq harakat qilishi kerak.

“Vashington qog’ozbozlik domida… O’zgarish kutmang bu yerdan. Shtatlarning o’ziga xos jihatlari bor va poytaxtda qabul qilingan qarorlar ularga mos kelmasligi mumkin”,- deydi u.

Respublikachilar bilan til topisha olmayotgan prezident boshqa yo’llarni qidirishi kerak, deydi Tomas Mann, siyosatshunos.

“Obama davlat rahbari sifatida ulkan vakolatlarga ega. Tizimda o’zgarishlar qilishga qodir. Ma’muriy jihatdan, shuningdek, xususiy sektor bilan hamkorlikda. Yangi qonun qabul qilmay ham ishni eplasa bo’ladi”,- deydi Mann.

Tashqi siyosatda tinimsiz sinovlarga duch kelayotgan prezidentning ichki siyosati ham doimiy tanqid ostida. Aksariyat amerikaliklar Obama e’tiborni iqtisodiy ahvolni yaxshilashga qaratsin, minimal maosh oshirilsin, deydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG