Breaking News

Amerikada boy va kambag’al qatlam orasida farq tobora kattalashib bormoqda


Amerikada boy va kambag’al qatlam orasida farq tobora kattalashib bormoqda
Amerikada boy va kambag’al qatlam orasida farq tobora kattalashib bormoqda

AQSh telekanallaridan birida “Muncha boysiz?” nomli dastur bor. Muvaffaqiyat qozongan, mol-davlat orttirgan fuqarolar haqida. Bunga erishish yo’llari haqida.

Bu-ku boylar, xo’sh yo’qsillarchi? Keling, statiska ma’lumotlariga qarab ko’ramiz.

Amerika Aholini ro’yxatga olish byurosi hisob-kitobiga ko’ra, bu davlatda kambag’allar soni yil-sayin oshib, oxirgi yarim asrda eng baland nuqtaga yetgan. Boy va yo’qsil qatlam o’rtasida farq tobora kattalashmoqda. Bu tendensiya hali-beri to’xtamasligi mumkin.

Moliyaviy tanglik ayniqsa kambag’allarga og’ir tushgani sir emas. Qonun va iqtisodiyot bobida izlanuvchi olim Genri Fridman nazarida o’rta sinf bugun sekin-asta yemirilib bormoqda.

“Zavodlar, fabrikalar yopilib ketmoqda. Necha-necha odamni ish bilan ta’minlab keladi bu joylar. Har xil kompaniyalar xorijda idora ochishni ma’qul topmoqda, chunki arzonroq. Demak, ishlar ham qo’ldan boy berilmoqda. Texnologiya rivojlanib, odamlarning o’rnini bosmoqda”.

“Boylik boylik chaqiradi, yo’qsillik esa yo’qsillik”,- deydi Nyu-York Universiteti professori Robert Xokins.

Uning aytishicha, muhtoj qatlamning dardi cheksiz. Kimgadir odatiy ko’ringan imkoniyat bu insonlar uchun orzu.

“Ayrim fuqarolarimiz imkoniyat nima ekanini bilmay yashaydi. Odamlar maktabga, universitetga bora olmaydi. Ular ish topishi ham gumon”.

Yo’qsillik changalidan chiqish g’oyat mushkul, deydi Robert Xokins. Kambag’al qatlam atrofdan yordam olishi ham qiyin, chunki ularning ham ahvoli shu. Bu, jinoyatchilik, ota-onasiz bolalar, surunkali kasalliklar va o’lim sur’atini oshiradi.

Iqtisodchi Genri Fridman deydiki, boy va kambag’al sinf o’rtasida bo’shliq kattalashgani sari jamiyat ham tarqoqlashadi.

“Bir tomonda biri ikki bo’lmayotgan, bir burda non topa olmayotgan kishilar; boshqa tomonda boylar… Yegani oldinda, yemagani orqada. Davlatmand aholi o’ziga alohida dunyo yaratib olgan. Tomonlar bir-biridan uzoq, yot”.

Robert Xokins xavotiri shundaki, o’rta sinf xor bo’lsa, muallim, huquq va tibbiyot sohasi egalari ham ziyon ko’rishi aniq. Bu toifaning xizmatidan hamma teng foydalanadi, xoh boy, xoh kambag’al bo’lsin.

Mol-mulki serob fuqarolarning qo’li hamma yerga yetadi, siyosatga ham ta’sir qiladi. Muhtoj sinfda esa bunday imkoniyat yo’q. Ular bilimsizlikdan ham shunday.

“Agar quyi qatlam siyosatga aralashaman desa, uyushibroq harakat qilishi, saylovlarda dangal-dangal ovoz berishi kerak”, - deydi tahlilchi.

Olim Xokins maslahati shuki, yo’sqil aholi oyoqqa turishi uchun, ta’lim va tibbiyot bobida ularni suyab yuborish kerak. Hozir qilinadigan asosiy ish, deydi u, aholi orasida sarfiyatni oshirishimiz darkor.

Odamlar, xoh boy, xoh kambag’al, yana pul sarflay boshlashi lozim. Pul aylansa, ish ham yaratiladi. Lekin muammo shuki, kambag’alning mablag’i yo’q, boylar esa moliyaviy tanazzuldan keyin qo’rqib, juda ehtiyotkor bo’lib qolgan.

XS
SM
MD
LG